Kadastr xizmati xususiy sektorga o‘tkaziladi

Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. 

Soha mutasaddilari “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartiblari tushuntirib berdi.

- Vazirlar Mahkamasining "Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish doirasida kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi nizomiga ko‘ra, xususiy kadastr xizmati bilan shug‘ullanish 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida, 2024 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi, - deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Alisher Xolmonov. – Buning uchun mazkur sohada ko‘p yillar ishlagan mutaxassislar, jumladan, geodeziya, kartografiya va kadastr, bino va inshootlar qurilishi, qurilish ekspertizasi, ko‘chmas mulk ekspertizasi, arxitektura, yer tuzish va yer kadastri yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega muhandislar faoliyatini boshlashi uchun malaka imtihonidan o‘tib, malaka sertifikatga ega bo‘lishlari lozim. Yoki ish stajiga ega bo‘lmagan mutaxassislar kasbiy qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha ta’lim olishi lozim.