Samarqand viloyatidagi 583 mingta ob’yektning kadastr hujjati yo‘q

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 18 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kadastr hujjati yo‘q uylar masalasiga alohida e’tibor qaratilib, aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan mazkur muammoni uzil-kesil bartaraf etish yuzasidan aniq vazifa va ko‘rsatmalar berilgan edi.

- O‘tgan vaqt ichida viloyatimizda bu borada bir qator ishlar amalga oshirilib, xonadonlar xatlovi tashkil etildi, - deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Quvondiqov. - Jarayonda viloyat bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 583 ming 494 ta ob’yekt borligi aniqlandi. Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy filiallari mutaxassislari mazkur ob’yektlarni arxiv hujjatlarini o‘rganish orqali guruhlarga bo‘lib, maxsus elektron dasturga kiritdi.

O‘tkazilayotgan xatlov natijalariga ko‘ra, joriy yilning 13 dekabr holatida egalik huquqini tasdiqlovchi hujjati bor, lekin kadastr hujjati yo‘q uy-joylar 15471 tani, tegishli hujjati mavjud, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ob’yektlar 47457 tani tashkil etdi. Na egalik huquqini tasdiqlovchi hujjati va na kadastr hujjati bor uylar - 452733 ta (77,6 foiz).

Xatlov o‘tkazilib, hujjati yo‘q uy-joylar ro‘yxati shakllantirilgani barchaning uy-joyi rasmiylashtirib beriladi, degani emas. Endilikda egalik huquqi mavjud bo‘lmagan yakka tartibdagi turarjoy ob’yektlaridan foydalanuvchi fuqarolar nomiga egalik huquqini rasmiylashtirish tartiblarini belgilash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar hamkorligida yangi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Yangi o‘rnatiladigan tartibga ko‘ra, turarjoy ob’yektlariga nisbatan egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha bino-inshootlarga mulk huquqi, yer uchastkalariga esa ijara huquqi belgilanishi nazarda tutilgan. Ushbu jarayon xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarori asosida amalga oshirilishi mumkin. Bu vakolat 2021 yilning 1 avgustiga qadar tuman (shahar) hokimlarida edi.