Kadastr agentligi direktori: "Firibgarlar, tamagirlar tuzog‘iga tushib qolmang!"

Bugun, 8 noyabrdan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi. Shu munosabat bilan Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov fuqarolarga murojaat qildi.

Unda fuqarolar vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan «uddaburonlar»dan ogoh bo‘lishga chaqirilgan.

"Yer, mulk, uy-joy bilan bog‘liq munosabatlar tarixan qadriyatimizga aylangan. 2024 yilning 5 avgust sanasida Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz uchun muhim bo‘lgan yana bir tarixiy Qonunni imzoladilar.

Bugun, 8 noyabrdan millionlab yurtdoshlarimiz kutgan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirdi. 2024–2025 yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlanadi.

Qonun kuchga kirish sanasida sizga murojaat qilishimdan maqsad ogohlikka chaqirishdir.

Uzoq yillar davomida o‘zi yashab kelayotgan uyini rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan halol insonlar ko‘p ammo, vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan «uddaburonlar» ham yo‘q emas.

Sizlarni bunday nopok kimsalarning har qanday so‘zlari va va’dalariga ishonmaslikka chaqiraman!

Birinchidan, mahallalar aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida xatlovdan o‘tkaziladi. Biri qolib ikkinchisiga o‘tilmaydi, ya’ni xalq tili bilan aytganda «tezlashtirib berishning imkoni yo‘q!».

Ikkinchidan, xatlovdan keyin «E’TIROF» dasturiga kiritilgan har bir holat bo‘yicha 15 dan ortiq vazirlik va idoralar xulosalarini beradi hamda kosmik suratlar yordamida tahlil qilinadi. Xalq tili bilan aytganda «ilojini qilib o‘tkazib bo‘lmaydi!».

Uchinchidan, xatlov jarayonida qonun bilan aniq belgilab berilgan 8 ta toifaga kiruvchi holatlar o‘rganiladi. Hozirda egallab olib, qurilish qilib qonuniylashtirib olishni reja qilayotganlar javobgarlikka tortiladi va bu ishlar ham axborot tizimlari orqali nazorat qilinadi. Xalq tili bilan aytganda, «tanish-bilish o‘tmaydi!».

Hurmatli yurtdoshlar, har qanday holatda ham firibgalik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlariga duch kelsangiz huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering.

Mazkur Qonunning adolatli va samarali ijro etilishi barchamizga birdek bog‘liq ekanligini yoddan chiqarmaylik", deyiladi murojaatda.