Mutaxassislarning amaliy hamkorlik maydoni yaratilishi lozim
Shu yilning shu davrigacha Axborot texnologiyalari vazirligi va IT Education Association ta’lim uyushmasi hamkorligidagi “One Million Uzbek Coders” dasturi doirasida qariyb 400 ming o‘zbekistonlik yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Bu loyiha yoshlarning raqamli texnologiyalarga oid bilimi va malakasini oshirishda muhim qadam bo‘lmoqda.
Bu albatta, davlatimiz rahbarining yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlashni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, iqtidorli yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ayniqsa, Prezident maktablari va ijodiy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani samarasidir.
Endi esa ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni ko‘proq amaliy faoliyatga jalb qilish keyingi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Agar “Yosh mutaxassislarning amaliy hamkorlik maydoni” yagona platformasi tashkil etilsa, tajribali mutaxassislar bilan yoshlar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilgan bo‘lardi. Bu orqali turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilim va tajribalarini yoshlar bilan bo‘lishib, ularning g‘oyalarini hayotga tatbiq etishga ko‘maklashishi mumkin. Tizim yoshlar uchun faqat maslahat maydonigina emas, balki ilhom va amaliy tajriba manbaiga aylanadi.
Yosh kadrlarning salohiyatini baholashda faqat imtihon natijalarigagina ahamiyat bermasdan, ijtimoiy faolligi, innovatsion g‘oyalari va jamoaviy loyihalardagi ishtirokiga ham e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Bu orqali yoshlar o‘z qobiliyatini namoyon etish, tashabbuskorligi, jamoada ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi.
Oliy ta’lim muassasalarida talabalarning shaxsiy rivojlanishini kuzatib borish uchun “Rivojlanish daftari” tizimini joriy etish ham foydali. Ya’ni, daftarga har bir yoshning amaliy faoliyati, ilmiy izlanishlari va ijtimoiy tashabbuslari qayd etilib borilsa, bu ma’lumotlar ish beruvchilar uchun ishonchli manba sifatida xizmat qiladi. Masalan, korxona yoki tashkilotlar shu orqali yosh mutaxassisning salohiyatini oldindan baholay oladi. Qolaversa, ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida uzviy hamkorlik shakllanadi, yoshlarning ishga joylashish imkoniyati kengayadi, muhimi, sohalarda malakali kadrlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.
Shahlo Shomurodova,
SamDChTI professori.