O‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonlari qanday shartlarda e’tirof etiladi?

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari va u yerda qurilgan ob’yektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ya’ni qonuniylashtirish ko‘pchilikni qiynayotgan muammolardan biri edi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 apreldagi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi qaroriga asosan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha zarur tadbirlar o‘tkazildi. Ya’ni, bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkazilgan va unda viloyat bo‘yicha 85 mingdan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 40 mingdan ortig‘iga ijobiy xulosa berilgan. Mazkur imkoniyatdan foydalana olmagan fuqarolar yana shunday yengillik berilishini kutayotgandi. Bu masalaga yechim sifatida 2024 yil 5 avgustda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Viloyatimizning tuman va shaharlarida mazkur qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda. Seminarlarda Kadastr agentligi mas’ullari, viloyatdagi sohaga mas’ul idoralar rahbar va mutaxassislari ishtirok etmoqda. 

- Hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan, yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud, - deydi Kadastr agentligi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Bahodir Madiyarov. - Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish uchun huquqiy asos ham, vakolatli organ ham belgilanmagan. Hozirgacha yurtimizda huquqlarni e’tirof etish masalasida jami 5 marta “aksiya” e’lon qilingan. Ularda hammasi bo‘lib 1 million 338 mingta o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy hujjatlashtirilgan.

2024 yil 5 avgustda qabul qilingan, 8 noyabrdan kuchga kiradigan va 2028 yil 1 yanvargacha amal qilinadigan qonunga ko‘ra, 2018 yil 1 maygacha o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlar e’tirof etiladi. Shuningdek, 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalari, davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkalari ham e’tirof etiladi. Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun 99 yil, boshqa yer uchastkalari uchun 49 yil etib belgilanmoqda.

Huquqlarni e’tirof etish uchun yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan, nizoli yer bo‘lmagan, soliqlardan qarzdorligi yo‘q, muhofaza hududi, sug‘oriladigan yerda joylashmagan va boshqa shartlarga mos bo‘lishi talab etiladi. 

Qonunga ko‘ra, yer maydoni 1998 yil 1 iyulgacha egallangan bo‘lsa, 0,24 gektargacha, 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 maygacha egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda bo‘lishi belgilangan. Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi. Ushbu qonunning avvalgi “aksiya”dan farqi - bunda fuqaro uy-joyi e’tirof etish yuzasidan murojaat qilmaydi, balki hududlardagi kadastr idorasi mutaxassislari tomonidan mahallalar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi va ma’lumotlar etirof.kadastr.uz ochiq saytiga joylashtiradi. Bu ma’lumotlar 18 ta vakolatli idora tomonidan ikki oy davomida o‘rganilib, xulosa beriladi.

Tushuntirilishicha, qonunga alohida nizom ishlab chiqilmaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etiladi. Biroq seminarda mutaxassislar avvalgi “aksiya”da o‘zboshimchalik bilan egallangan 20 sotix yer uchastkasining 6 sotixi e’tirof etilgani va shu maydon uchun to‘liq kadastr chegarasi belgilangani, buning oqibatida e’tirof etilgan maydon kadastr hujjatida aniq ko‘rsatilmasligi davlat va jamoat ehtiyoji uchun yerni qaytarish zarurati tug‘ilganda o‘zboshimchalik bilan egallangan maydon uchun ham byudjetdan mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri kelayotganligi va ushbu qonunda ham bu borada kamchilik borligini bildirishdi.

Yana bir masala. Tuman va shaharlardagi kadastr idoralarida 2-3 nafar xodim ishlasa, ular bitta mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazishi uchun qancha vaqt talab etiladi? Axir qonunda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari uchun huquqni e’tirof etish 2028 yil 1 yanvargacha etib belgilangan bo‘lsa, qonun ijrosiga yuzaki qarash shakllanib ketmaydimi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.