Mahalla Temuriylar davlatining tayanchi bo‘lgan

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari malakasini oshirish o‘quv kursida “Temuriylar davlatidagi mahallalar qanday bo‘lgan? Amir Temurning davlat boshqaruvi” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Samarqand davlat pedagogika instituti dotsenti Olmos Tursunova tinglovchilarga Amir Temurning davlat boshqaruvi tamoyillari, temuriylar davlatida mahalla institutining o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Amir Temur barpo etgan davlatda mahalla tizimi jadal rivojlangan bo‘lib, uning vakolatlari ancha kengaytirilgan. Bu davrda mahalla rahbari kadxudo deb atalgan va mahalliy aholi tomonidan saylangan. Unga katta ishonch bildirilib, jamoat boshqaruvida muhim vakolatlar yuklatilgan.

“Temur tuzuklari”da kadxudolarning vazifalari haqida shunday deyiladi: "Ular dehqonlar va mehnatkashlarni rag‘batlantirishi, faqir va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishi lozim". Bu esa o‘sha davrda mahalla nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy va ma’naviy markaz sifatida faoliyat yuritganini ko‘rsatadi. Shuningdek, mahallalar ko‘pincha kasb-kor asosida shakllangan bo‘lib, hunarmandlar bir joyda yashab, faoliyat olib borganlar.

Tadbir davomida “Temur tuzuklari”dagi davlat boshqaruviga oid g‘oyalar ham atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, Amir Temurning insonparvarlik, totuvlik va “yagona makon” g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb ekani ta’kidlandi.

F.Hamdamov.