Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahmat Qobilov 100 yoshida vafot etdi

Kattaqo‘rg‘onning piru badavlat nuroniylaridan biri, eng e’zozli insoni, nafaqat farzand va nabiralari, balki Bog‘ot mahallasining faxri bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahmat Qobilov vafot etdi.

R.Qobilov 1925 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgandi. Uning bolaligi og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi, o‘smirlik chog‘laridan kolxozda ishlab, suyagi mehnatda qotdi. Urush boshlangach, avval ikki akasini, keyin 17 yoshida uni ham frontga safarbar qilishdi. 363-tankchilar diviziyasi tarkibida Polsha, Chexoslovakiya va Avstriya hududlarida bo‘lib o‘tgan janglarda mardlik va jasorat ko‘rsatdi. Bir necha bor jarohatlanib, gospitallarda davolanib yana frontga qaytdi. Hatto, urushdan keyin ham harbiy xizmatni davom ettirib, 1950 yildagina uyigakeldi.

Kolxozda, elektr stansiyasida, telefon aloqa tarmog‘ida ishladi. Oilali bo‘lib, o‘n nafar farzand ko‘rdi. Yuzdan ortiq nevara-chevaralarning bobosi bo‘ldi.

Rahmat Qobilov bir umr zahmatli mehnati, halol va fidoyiligi bilan farzandlariga, mahalla ahliga ibrat bo‘ldi. Yoshlardan o‘z hayotiy tajribalari, maslahatlarini ayamadi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshladi, kasb-hunarli bo‘lishga undadi.

Otaxon yurtimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan alohida hurmat-ehtiromdan bahramand bo‘lib, hayot kechirib kelayotgandi. Ayniqsa, keyingi yillarda 9 may arafasida, boshqa bayramlarda davlat rahbarining tabrik va sovg‘alarini olganda juda xursand bo‘lib, shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytardi, ezgu ishlar boshida turgan insonlarni duo qilishdan charchamasdi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi arafasida, ulug‘ yoshda bandalikni bajo keltirgan Rahmat Qobilovning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etamiz!

Bugungi tinch-osoyishta kunlar uchun zahmat chekkan, urushda jasorat ko‘rsatgan millionlab yurtdoshlarimiz qatorida Rahmat boboning ham pok nomi va jasorati xalqimiz xotirasida mangu qoladi.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi,

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi.