Viloyat rahbari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahad Ochilov holidan xabar oldi

Shu yilning 19 fevral kuni davlatimiz rahbari “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmon va “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Farmonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga 10 ming AQSh dollaridan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 million so‘mdan, 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga esa 3 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilangan.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Samarqand tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahad Ochilovga Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi va sovg‘alar topshirdi.