Samarqanddagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari
Bugungi kunda viloyatimizda 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. E’tiboringizga ularning har biri haqida qisqacha ma’lumot taqdim etamiz.
Rahmat Qobulov. 1926 yilning 2 mayida Kattaqo‘rg‘on tumani Bog‘ot mahallasida tug‘ilgan. 1943 yilda 1-Ukraina frontiga jo‘natilgan. 1945 yilda bo‘lim komandiri darajasiga erishgan. 1945-1950 yillarda Avstriyaning Vena shahrida xizmat qilgan. 1950 yilda O‘zbekistonga qaytib kelib, 1985 yilgacha jamoa xo‘jaligida ishlagan.
Umr yo‘ldoshi Muyassar Rustamova bilan 10 nafar farzandni voyaga yetkazgan.
***
Rayim Yusupov. 1925 yilning 10 mayida Kattaqo‘rg‘on tumani Tarnov mahallasida tug‘ilgan. 1943 yilda harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilib, 2-Ukraina frontiga yuborilgan. 1945-1949 yillarda Ruminiyaning Faksan shahrida urushdan keyingi tinchlikni ta’minlash xizmatida ishtirok etgan. 1949 yilda Kattaqo‘rg‘onga qaytib kelgan.
Rayim Yusupov turmush o‘rtog‘i Ochiltosh Pirboyeva bilan 7 nafar farzandni voyaga yetkazgan.
***
Ahad Ochilov. 1925 yilning 10 martida Samarqand tumanidagi Arabxona mahallasida tug‘ilgan. 1942 yilda urushga ketgan. 2-Ukraina frontida Dnepr daryosi, Moldaviya, Karpat tog‘i, Ruminiya, Vengriya, Chexoslavakiya, Polsha, Germaniyaning Berlin shahridagi janglarda qatnashgan.
1949 yildan 2006 yilgacha Samarqand tumanidagi 3-o‘rta maktabda o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan.
Umr yo‘ldoshi Zubayda Ochilova bilan uch o‘g‘il, uch qizni kamolga yetkazgan.
***
Bo‘ron Gadoyev. 1925 yilda Urgut tumani Ispanza mahallasida tug‘ilgan. Urushga 1943 yilda 18 yoshida yuborilgan. 7-Belorussiya frontida xizmat qilgan. 3 yil davomida 91-injenerlik qo‘shinida bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan.
1946 yilda xizmatdan qaytib, hayotini pedagogika sohasiga bag‘ishlagan. 5 nafar farzandni voyaga yetkazgan. Hozirda 21 nafar nevara, 66 nafar evara va 3 nafar chevaraning suyukli bobosi.
***
Mixail Kolmogorov. 1925 yilning 20 noyabrida Rossiyaning Novosibirsk shahrida dunyoga kelgan. Maktabni tugatishi bilan, 1943 yilning noyabr oyida 17 yoshida urushga safarbar qilingan. 2-Ukraina frontining 8-mexanizatsiyalashgan korpusi 68-mexanizatsiyalashgan brigadasida aloqachi bo‘lib harbiy xizmatni boshlagan. Keyin 2-Belorussiya frontida shu vazifada xizmat qilgan. Urushdan keyingi yillarda Samarqandga ko‘chib kelgan. Keyinchalik Samarqand davlat universiteti harbiy kafedrasida ishlagan.
Ikki qizning otasi, to‘rt nafar nabira, 2 nafar evara va 5 nafar chevaraning bobosi.