Urushni xotirlashdan birgina naf bor – u ham bo‘lsa, bunday xatoga qaytib yo‘l qo‘ymaslik
Insoniyat boshiga ko‘p kulfatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushining qirg‘inbarot janglarida mamlakatimizdan 1,5 million kishi qatnashib, 500 mingga yaqini halok bo‘lgan, yana qanchasi bedarak ketib, qanchasi nogiron bo‘lib qaytgan.
Bu urushda 152 mingdan ko‘proq samarqandliklar ishtirok etib, ularning 73 ming nafariga yurtga qaytish nasib etmadi.
Bu mudhish urush payariqlik Mahmadali Siddiqovni ham tengqurlari qatori o‘z domiga tortdi. 1942 yil harbiy bo‘linmaga chaqirilganda u 19 yoshda edi. Bir muddat harbiy tayyorgarlikdan so‘ng ularning artilleriya bo‘linmasi jangga tashlandi. Bratislava shahrida, urushning ayni qirg‘inbarot davrida jangga kirdi, bosib olingan hududlarni birma-bir ozod qilishda qatnashdi. Mahmadali Siddiqov Berlingacha bo‘lgan janglarda ishtirok etdi.
- Bu bosh ne kunlarni ko‘rmadi, - deya hikoya qiladi Mahmadali bobo o‘sha mudhish kunlarni eslab. – Tinchlik – eng ulug‘ ne’mat. Urush esa o‘z nomi bilan urush. Ko‘z oldimizda uning dahshatli manzarasi - okop ichida halok bo‘lgan safdoshlarimiz, yonib, vayronaga aylangan shaharlar, begunoh nobud bo‘lgan yosh bolalar o‘sha kunlardan mudhish xotiralar bo‘lib qoldi.
Mahmadali Siddiqov 1945 yil yurtga, oilasi, yaqinlari bag‘riga qaytdi. Urushdan so‘ng tinch hayot yo‘liga kirgach, Samarqand pedagogika institutida tahsil oldi. Keyingi hayot yo‘lini yoshlarga ta’lim berishga bag‘ishladi. Qirq yildan ko‘p vaqt maktabda yosh avlodga ta’lim berdi. Oila qurib, to‘rt farzandni jamiyatga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyaladi.
Oradan ko‘p yillar o‘tsa-da, Mahmadali bobo urushning dahshatli xotiralarini hech unutolmaydi. O‘z xotiralarini o‘rnak uchun yoshlarga gapirib beradi. Bir asrni bo‘ylagan nuroniy otaxon faqat oilasi yoki qishlog‘i hayotidagi emas, mamlakatimiz va dunyodagi ishlarni kuzatib boradi. Bo‘layotgan voqealarga munosabatini bildiradi.
- Urushni xotirlashdan birgina naf bor – u ham bo‘lsa bunday mudhish xatoga qaytib yo‘l qo‘ymaslik, - deydi Mahmadali bobo. - Afsuski, yovuzlik ko‘pincha ezgulik bilan yonma-yon yuradi. Bugun yer yuzining ayrim mintaqalarida bo‘layotgan qonli voqealar bunga isbot. Unday kunlar hech kimning boshiga tushmasin.
S. Mardiyev.
F.Ro‘ziboyev (foto).