Samarqandda to‘rt nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot kechirmoqda

Bu yil dunyo xalqlari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligini nishonlaydi.
O‘tgan yillar davomida sayyoramiz manzarasi o‘zgarib, yer yuzining turli mintaqalarida notinchliklar kuzatilayotgan, katta va kichik mamlakatlar manfaatlari turli nuqtalarda to‘qnashayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan asr o‘rtalaridagi urushning sabab va oqibatlari unutilgan emas. Tinchlik qadr-qimmati oshib bormoqda. Shuning uchun ham 9 may ayrim davlatlarda g‘alaba kuni, ba’zilarida urush qurbonlarini yod etish bilan bog‘liq sana sifatida qayd etiladi. Lekin aksariyat dunyo xalqlari uchun bu sana Ikkinchi jahon urushining tugashi, insoniyatning fashizm ustidan g‘alabasi kuni.
Jumladan, mamlakatimizda ham 9 mayni Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlash bugun ham rasman, ham xalqimiz tomonidan taomilga aylantirildi.
Bu yil ushbu sanaga tayyorgarlik, munosib nishonlashga ancha erta kirishildi. O‘tgan hafta davlatimiz rahbari tomonidan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmon hamda “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Qayd etilgandek, yurtimizda Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan urush va mehnat faxriylariga hamda Vatanimiz taraqqiyoti va uning himoyasi uchun kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, shuningdek mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasini ulug‘lash oliyjanob qadriyatga aylangan. Ularning Vatan himoyasi yo‘lidagi yuksak mardlik va qahramonliklari bugun yosh avlod uchun ertakdek tinglansa-da, katta ibrat maktabidir.
Afsuski, bugun jangu jadallarda mardlik, fidoyilik ko‘rsatib, nainki oila a’zolari, balki davlatimiz, xalqimiz e’zozida umr kechirayotgan, asrga tengdosh insonlar juda kam va ularning umriga umr qo‘shish, qadrlash har birimizning muqaddas burchimizdir.
– Bugungi kunda viloyatimizda atigi to‘rt nafar urush qatnashchisi hayot kechirmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Ular – Kattaqo‘rg‘on tumani Bog‘ot mahallasida yashovchi Rahmat Qobilov, Samarqand tumani Saxovat mahallasidan Ahad Ochilov, Urgut tumani Ispanza mahallasida istiqomat qiluvchi Bo‘ron Gadoyev hamda Samarqand shahar Bog‘i Temur mahallasidagi Mixail Kolmogorov, har birlari yuz yoshli otaxonlar. Afsuski, endi ularni sanashga barmoqlarimiz yetadi va bu ko‘nglimizga og‘ir botadi.
Bugun bu nuroniylarimiz yashayotgan xonadonlar eng aziz ostonalardan biri, rahbarlar ham, mahalla ahli ham har kuni yo‘qlab turishadi. Nafaqat Xotira va qadrlash kunida, balki boshqa bayramlar munosabati bilan ham shaxsan davlatimiz rahbari ularga tabrik, sovg‘a-salomlar yo‘llamoqda. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, bu yil Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan ularga 10 ming AQSh dollaridan bir martalik pul mukofoti beriladi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 million so‘mdan, 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga esa 3 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilandi.
Viloyatimizda ayni paytda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar yo‘q, lekin urush davridagi mehnat fronti qatnashchilari ko‘pchilik – 263 nafarni tashkil etar ekan. 90-100 yoshli bu nuroniy otaxon va momolarimiz doimiy e’tiborimizda. Hozirda ularning ro‘yxatlari tuzilib, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlariga yetkazilgan, bayram munosabati bilan pul mukofotlari tantanali topshirilishi bilan birga har birlaridan hol so‘ralib, sovg‘a-salomlar ulashiladi.
Umuman, davlatimiz rahbarining qarorida bu yil 9 mayni har qachongidan ham yuqori saviyada nishonlash, tadbirlarni “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida o‘tkazish belgilandi.