Bank, hokimiyat, yordamchi. Bu “uchburchak”dan kredit izlayotgan tadbirkor hasrati
20 yildan buyon duradgor ustaman. Eshik-rom, stol-stul, o‘rindiqlar, umuman, taxta bilan bajariladigan barcha jihozlarni yasayman. 2021 yil aprelda qonuniy tarzda faoliyatimni kengaytirish va mahallamizdagi yoshlarni ish bilan band qilish istagi paydo bo‘ldi.
Buning uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, bank krediti hisobidan ish o‘rni yaratish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishni maqsad qilgandim. Buning uchun ikki oy behuda soliq to‘ladim, bank xodimining talabi bilan bankdan hisob-raqam ochdik, muhr oldim. Ammo “Agrobank” tuman filialiga ko‘p marotaba murojaat qilishimga qaramasdan, turli vajlar bilan kredit ajratmadi. Bir safar parrandachilik uchun kredit ajratishini bildirdi, ammo men o‘z yo‘nalishim bo‘yicha kredit olmoqchi ekanligimni aytdim. Lekin yil tugadi hamki kreditdan darak yo‘q.
2022 yil mart oyida 810 ming “badal puli” to‘lab, “Hunarmand" uyushmasi tuman bo‘limiga a’zo bo‘ldim. Kredit hokim yordamchisining tavsiyasi asosida ajratilishini eshitib, unga ham ko‘p murojaat qildim. U esa har xil hujjat olib kelishimni so‘raydi. Hokim yordamchisi bankka ikki xil hujjat taqdim etgan. Ya’ni, meni ham jismoniy shaxs, ham tadbirkor sifatida ko‘rsatib hujjat bergan. Bankdagilar bu ikki xil hujjat bilan kredit ajratilmasligini aytmoqda.
Men faoliyatni kengaytirishimga ishonib, mart oyining o‘rtalarida ta’minotchi korxona bilan elektron shartnoma imzolab, taxta, bo‘yoqlar va boshqa kerakli xomashyo olgandim. Endi ta’minotchi yetkazgan mahsuloti uchun pulini so‘raydi, bank esa ikki yildan buyon kredit ajratishni paysalga soladi.
Qonuniy faoliyat yuritib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularga hunar o‘rgatishim mening aybimmi? Hokim yordamchisi kunda sarson qiladi, sektordagilar har doim yolg‘on va’da bilan jo‘natishadi. Tuman hokimi qabulida xodimlarga ko‘rsatma beradi, ular “bajaramiz”dan nariga o‘tmaydi. Ikki yildan buyon shu masalada yordam so‘rab, Prezident portaliga ham murojaat qildim. Bank xodimlari, mas’ullari uyimga kelib, “Murojaatni yopish uchun imzo qo‘yib bering, sizga kredit ajratamiz”, deyishadi, imzo qo‘ydirishgach, ularni topib bo‘lmaydi.
Qonuniy tadbirkorlik qilish istagidagi fuqaroga munosabat shumi?
Abdunazar Botirov,
Paxtachi tumani
Boltali mahallasi.