Uy-joyni ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi

- Ushbu imtiyozli ipoteka krediti kimlarga ajratiladi?

 - Bu kredit mahalla yettiligi tavsiya asosida 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ajratiladi. Kredit hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan daromad manbaiga, shu jumladan, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan daromadga ega bo‘lgan fuqarolarga ajratiladi. Daromadga ega bo‘lmaganlarda bunday imkoniyat yo‘q.

Shuningdek, qarz yuki ko‘rsatkichi barcha kreditlar va mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari tasdiqlangan o‘rtacha oylik daromadlarining 60 foizidan yuqori bo‘lmasligi hamda kredit ajratishni ko‘rib chiqish vaqtida sizning kredit tashkilotlaridan avval olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligingiz mavjud bo‘lmasligi lozim.

Asosiysi, ilgari bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida ipoteka kreditlaridan va ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalardan foydalanmagan bo‘lishi kerak. Yana rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki yakka tartibdagi uy-joy quriladigan ep uchastkasi o‘ziga yoki u bilan birgalikda yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli ekanligi va mazkur manzilda kamida 6 oy davomida doimiy ro‘yxatda turgan bo‘lish lozim.

- Ushbu ipoteka kreditlari shartlari qanday va qancha miqdorda subsidiya ajratiladi?

- Yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi (13,5 foiz)dan to‘rt foiz bandga yuqori (17,5 foiz) stavkada 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatda ipoteka kreditlari ajratiladi.

Ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.

- Subsidiya olish uchun qanday tartibda ariza yuboriladi?

- Yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar subsidyplatform.mf.uz platformasi orqali ariza yuboriladi.

- Mahalla yettiligi qaysi hollarda tavsiyanoma berishni rad etishi mumkin?

- Mahalla yettiligi tomonidan quyidagi holatlarda kredit ajratish rad etiladi:

- ariza beruvchining oilasi Dasturga kiritilmagan bo‘lsa;

- ariza beruvchi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj hisoblanmasa;

- ariza beruvchi shaxs yoki uning turmush o‘rtog‘i mazkur imtiyozdan avval foydalangan bo‘lsa;

- ariza beruvchi shaxs davlat tomonidan avval berilgan ijtimoiy yordam va ko‘nikmalardan maqsadsiz foydalanganligi to‘g‘risida tegishli tashkilotlarning ma’lumotlari mavjud bo‘lsa;

- qurilish, rekonstruksiya qilinishi va ta’mirlanishi nazarda tutilayotgan uy-joy yoki u joylashgan yer uchastkasiga nisbatan ashyoviy huquq nizoli bo‘lganda.

Savollarga Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi Azamat Qosimov javob berdi.