Endi 100 million so‘mgacha mikroqarz olish mumkin
Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga mikromoliyalashtirish faoliyati deb e’tirof etiladigan mikroqarz berishning eng yuqori miqdorini 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda, - deydi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zosi Jahongir Abdurasulov.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksiga jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, mablag‘larni, birinchi navbatda, mutanosib ravishda muddati o‘tgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy to‘lov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qoplashga yo‘naltirish tartibi belgilanmoqda.