Kredit garoviga qo‘yilgan ofis binosi yangi egasiga olib berildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qaroriga ko‘ra, bir necha javobgarlar Samarqand shahrida umumiy foydalanish maydoni 575,79 kv.m., qurilish osti maydoni 400,36 kv.m.dan iborat bo‘lgan binodan boshqa turar-joy bermagan holda chiqarish to‘g‘risidagi ijro varaqasi MIBning Samarqand shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Mazkur bino bankdan 32 ming yevro kredit olinganda garovga qo‘yilgan. Biroq kredit mablag‘i qaytarilmagach, bino auksion savdosiga chiqarilgan va g‘olib tomonidan garov mulki - ofis binosi sotib olingan.

Mazkur ijro hujjati bo‘yicha “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan va qarzdorlarga ijro hujjatini ixtiyoriy bajarishlari uchun 15 kunlik muddat berilgan.

Biroq, qarzdorlar sud qarori ijrosini bajarmasligini hamda nizoli bo‘lgan binoni bo‘shatmasligini bildirgan.

Amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlar va ularning mol-mulklari ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzildan majburiy tartibda chiqarilib, nizolar hal bo‘lgandan so‘ng joriy yil 7 may kuni bino auksion g‘olibiga topshirilgan.

Bekzod TURDIYeV,

MIBning Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi.