Kambag‘allikni qisqartirish: “Mahallabay” tizimidan foydalanishning qanday ijobiy va salbiy tomonlari bor?
Avvalo, ijobiy tomonlari haqida.
Birinchidan, respublika aholisini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri yakunlarinishi yana ikki yil kutmasdan turib, joylardagi ijtimoiy holatga ob’yektiv baho berish imkoniyati tug‘ildi.
Ikkinchidan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan moddiy yordam, subsidiyalar, imtiyozli kreditlardan maqsadli va nisbatan samaraliroq foydalanish mumkin.
Uchinchidan, joylarda vujudga kelgan ijtimoiy holat, kambag‘allikni qisqartirish uchun lozim bo‘lgan moliyaviy manbalar bilan davlat byudjeti imkoniyatlarini taqqoslab ko‘rish imkoniyati yaratildi.
To‘rtinchidan, doimiy ish bilan band bo‘lmagan kishilar ro‘yxatini tuzish va aholi bandligiga taalluqli statistikaga aniqlik kiritish, ularda mavjud ko‘nikma, tajriba, bilim va mahoratni mamlakat ichida yoki chetda ro‘yobga chiqarishning turli variantlarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Beshinchidan, ajralishlar sabab bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy sabablarni chuqurroq o‘rganish va ushbu muammo yechimiga taalluqli to‘laqonli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish imkoniyati vujudga keldi.
Oltinchidan, fuqarolik holatini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport,tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) ga aniqlik kiritish, bu boradagi kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish imkoniyati.
Yettinchidan, ta’lim sohasini ishlab chiqarish sohalari bilan chambarchas bog‘lagan holda takomillashtirish imkoniyati kengaydi.
Endi salbiy tomonlari haqida fikr yuritamiz.
Birinchidan, tadbirkorlik faoliyatining yana ham maydalashib ketishi va mamlakatning strategik rivojlanishi masalalariga ikkinchi darajali vazifadek qarash ehtimoli vujudga keldi.
Ikkinchidan, cheklangan moliyaviy, moddiy, energiya va mehnat resurslaridan past samara bilan foydalanish ehtimoli paydo bo‘ldi.
Uchinchidan, bir-biriga bog‘lanmagan, hududlar o‘rtasida muvofiqlashtirilmagan turdosh ishlab chiqarishlar vujudga keldi.
To‘rtinchidan, nima, qachon va kim uchun ishlab chiqarish kerak, degan savollarga to‘g‘ri javob topa olmaslik natijasida narxlarning u yoki bu tomonga keskin o‘zgarib ketishi va tadbirkorlik faoliyati natijadorligi pastligidan kelib chiqadigan boshqa salbiy holatlar kelib chiqyapti.
Beshinchidan, mahalla raisi va hokim yordamchilarini funksiyalariga aniqlik kiritilmaganligi, ular bir birlarining funksiyalarini takrorlayapti.
Oltinchidan, mahallalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati o‘zaro katta farq qiladigan kompetensiyaga ega, sayoz mezonlarga qarab, shoshma-shosharlik bilan tanlangan, ayrimlari chuqur iqtisodiy yoki huquqiy bilimlarga ega bo‘lmagan, adolat tamoyillariga turlicha yondashadigan, jamoatchilik nazoratiga olinmagan shaxslarga bog‘langan holatlar ham yuzaga keldi.
Bu, albatta, mening shaxsiy fikr va xulosalarim.
Shu yerda bir g‘oya tug‘ildi. Ushbu tajriba boshlanishidan uch oy o‘tgandan keyin hokim yordamchilari faoliyatiga baho berish, ularni umumiy yig‘ilishlarda saylash amaliyotini yo‘lga qo‘yish lozim. Keyinchalik ushbu amaliyot tuman, shahar hokimlarini saylash uchun yaxshi maktab bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ilhom Vafoyev,
iqtisodiy sharhlovchi.