AQSh va «ko‘ngillilar koalitsiyasi» Parijda nimalarni kelishdi?
Sulhdan keyin Britaniya va Fransiya Ukrainaga qo‘shin yuboradi(mi?)
Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiya-Ukraina urushi tugaganidan so‘ng tinchlikni ta’minlash maqsadida Ukrainaga qo‘shin yuborish niyatini bildirdi. Tinchlikparvar kontingent jo‘natilishini nazarda tutuvchi kelishuv Parijda o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammitida ishtirok etgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer hamda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolandi.
Sammit ishtirokchilari, jumladan, AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham «Parij deklaratsiyasi»ni imzoladilar. Ushbu hujjatda Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash niyati bayon etilgan.
Muzokaralarda 30 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va boshqalar bor.
Parijdagi sammit AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan ko‘p o‘tmay tashkil etildi. Yangi yil arafasida ular AQSh prezidentining Florida shtatining Mar-a-Lago qarorgohida uchrashgan edi.
Tramp va Zelenskiy Ukrainadagi urushni yakunlash rejasini muhokama qildilar. Bu reja dastlab Vashington tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, bir qator xalqaro sammitlar davomida bir necha bor o‘zgartirilgan.
Floridadagi uchrashuvdan so‘ng ishtirokchilar AQSh tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Biroq asosiy hal etilmagan masala qoldi. Bu esa Rossiyaning Ukraina qo‘shinlarini Kiyev nazoratidagi Donetsk viloyati hududidan olib chiqish talabidir.
Vladimir Zelenskiyning aytishicha, tinchlik reja 90 foizga kelishilgan. Biroq eng katta ixtiloflar hududlar masalasida saqlanib qolmoqda.