Bugun Venesuela taqdiriga kim ta’sir ko‘rsatmoqda va bunda Marko Rubio qanday rol o‘ynaydi?
Venesueladagi siyosiy inqiroz G‘arbiy yarimshardagi eng uzoq davom etayotgan inqirozlardan biri bo‘lib qolmoqda. Rasman mamlakatda hukumat hali ham Nikolas Maduro jamoasi qo‘lida, ammo so‘nggi yillarda AQShning Venesuela yo‘nalishidagi ta’siri yanada kuchaydi.
Yangi yilning ilk kunlarida Venesueladagi vaziyat AQShning kutilmagan harbiy operatsiyasidan so‘ng keskin o‘zgardi, bu operatsiya davomida prezident Nikolas Maduro qo‘lga olinib, sud uchun AQShga topshirildi. Bugun Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores ilk bor Nyu-York shahridagi federal sud oldida hozir bo‘lishi kerak. AQSh huquq-tartibot idoralari ularni xalqaro narkotrafik, narko-terrorizm, jinoiy til biriktirish, shuningdek, qurolli guruhlar bilan hamkorlik qilishda ayblamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh vaqtincha "Venesuelani nazorat qilayotgani"ni va hukumat almashinuvi amalga oshirilgunga qadar mamlakatni kim boshqarishini hal qilishini aytdi.

Shu bilan birga, Venesuelaning o‘zida mamlakat Oliy sudi prezidentning vakolatlari - Maduro qaytgunga qadar yoki yangi saylovlar o‘tkazilgunicha vitse-prezident Delsi Rodrigesga o‘tkazilishi haqida qaror chiqardi. Venesuela armiyasi uning tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi.
Bugun Rodriges AQSh prezidenti Donald Trampga Vashington bilan hamkorlik qilishga chaqiruvchi xabar yubordi. Uning ta’kidlashicha, Venesuela "tinch-totuv yashashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi" hamda AQSh va mintaqadagi mamlakatlar bilan "suveren tenglik va aralashmaslikka asoslangan" "muvozanatli, hurmatli xalqaro munosabatlar"ni o‘rnatishni ustuvor vazifa deb biladi.
Vashington ochiq-oydin erkin va adolatli saylovlar o‘tkazilmas ekan, amaldagi rahbariyatni legitim deb tan olmasligini bildirib keladi. Shu fon ortida Venesuela bo‘yicha AQSh siyosatini shakllantirishda senator Marko Rubio asosiy rol o‘ynamoqda — u Karakasni eng qattiq tanqid qiluvchilardan biri va Maduro rejimiga nisbatan bosimni kuchaytirish tarafdori sifatida tanilgan. Venesuela bo‘yicha asosiy muvofiqlashtiruvchi shaxs sifatida aynan u qaraladi.

Xullas, avvalroq AQSh tomonidan e’lon qilingan Nikolas Maduroni qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun belgilangan 50 million dollarlik mukofot ham «cho‘ntakda qoldi». Siyosatchilar bunda Vashington strategiyasining o‘zgarishi – siyosiy, sanksion va diplomatik usullardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuch ishlatishga o‘tishni ko‘rishmoqda.
AQSh operatsiyasi oqibatida 80 nafargacha odam halok bo‘lgan, shu jumladan harbiylar va tinch aholi. Kuba hukumati ma’lum qilishicha, operatsiyada 32 kubalik harbiy va razvedka xodimi halok bo‘lgan. Ular Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning xotinini himoya qilish vazifasini bajargan. "AQShning hujum navbati Kuba", degan mish-mishlarga Donald Tramp javob berar ekan, «mamlakat «qulashga yaqin», ammo AQSh hozirda mamlakatga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakat rejalashtirmayotganini aytdi.
Venesuelaning o‘zida esa Maduro tarafdorlari va muxoliflari ishtirokidagi ommaviy aksiyalar davom etmoqda. Bunday namoyishlar ko‘p hollarda to‘qnashuvlar va hibslar bilan tugamoqda.
Shu bilan birga, Venesuela AQSh tomonidan rasman «boshqarilyapti», degan gap yo‘q. Ammo amalda Venesuela bo‘yicha asosiy sanksiya qarorlari, diplomatik signallar va strategik tashabbuslar aynan Marko Rubio orqali o‘tmoqda va mamlakat kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shunday qilib, Marko Rubio yuridik ma’noda Venesuela rahbari emas, ammo u Karakasga nisbatan AQSh siyosati va ehtimoliy siyosiy tranzit ssenariylarini belgilab beruvchi eng muhim shaxslardan biri hisoblanadi.
Internet xabarlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.