AQSh–Venesuela: siyosiy va harbiy keskinlik ortib bormoqda

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSh va Venesuelani vazminlikka rioya qilishga hamda vaziyatni deeskalatsiya qilishga intilishga chaqirdi. Bu haqda BMT rahbarining rasmiy vakili o‘rinbosari Farhon Haq brifing chog‘ida ma’lum qildi.

Shu bilan birga, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Venesuela masalasi bo‘yicha bayonot berib, mamlakat “AQShning neftini noqonuniy ravishda olib qo‘ygani”ni ta’kidladi.

«Ular bizning barcha neftimizni olib qo‘yishdi va biz uni qaytarib olishni istaymiz. Ular buni noqonuniy tarzda qilgan», dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat avvalgi ma’muriyat davrida vaziyat ustidan yetarli nazorat bo‘lmagani bilan bog‘liq.

Ma’lumot uchun, AQSh va Venesuela o‘rtasidagi keskinlik bir necha yil oldin Venesueladagi siyosiy inqiroz, hukumat masalasidagi bahslar hamda neft sohasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar ortidan kuchaygan.

Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskin konfrontatsiya bosqichida qolmoqda. AQSh tomonidan Nikolas Maduro rejimiga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etilgan, narkoterrorizmda ayblovlar ilgari surilgan, Karib havzasida AQSh harbiy harakatlari kuchaytirilgan hamda Venesuelaga tegishli aktivlar, jumladan neft tashuvchi tankerlar musodara qilingan. O‘z navbatida, Venesuela AQShni qo‘pol kuch ishlatish, dengizda qo‘llanilayotgan qaroqchilik va mamlakat suverenitetiga tahdidda ayblamoqda.

Ayni damda Venesuela ehtimoliy harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat harbiy kemalari neft tankerlarini himoya qilish uchun AQSh flotiga qarshi dengizga chiqqan.