Samarqandda o‘rmon-landshaftlarini tiklash bo‘yicha RESILAND loyihasi amalga oshiriladi

Shu yilning aprel oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Iqlim forumida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Jahon banki rasmiylari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston mo‘’tadil manzaralarni tiklash loyihasi” (RESILAND)ni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Jahon banki ushbu loyiha uchun umumiy qiymati 153 million AQSh dollari bo‘lgan imtiyozli kredit va grantlardan iborat moliyalashtirish paketini taqdim etmoqda. Mazkur mablag‘ Markaziy Osiyoning besh davlatida zararlangan o‘rmonlar va yerlarni qayta tiklashga qaratilgan mintaqaviy dastur doirasida ajratiladi.
Xususan, O‘zbekistonda RESILAND loyihasi doirasida “Yashilloyiha” instituti va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (IDA) ko‘magida Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi 37 ta o‘rmon xo‘jaligi, 5 ta milliy tabiat bog‘i va 2 ta o‘rmon-ovchilik xo‘jaligida ekologik tasniflash ishlari olib borilmoqda.
Jahon bankining Markaziy ofisi vakillaridan iborat delegatsiya Samarqand viloyatida bo‘lib, “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon-landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ekologik tasniflash ishlari bilan tanishdi.
— Samarqanddagi o‘rmon xo‘jaliklari va tabiat bog‘larida ekologik tasniflash ishlari yaylovlarni tiklash, o‘rmonlarni tabiiy tiklanishga ko‘maklashish, yer eroziyasiga qarshi choralar ko‘rish, dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish, sanoat o‘rmonlarini barpo etish va ekoturizmni rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda, — deydi Jahon banki loyihalari rahbari Asferacho Abate Abebe. — Har bir hududda faoliyat turiga qarab chegara ustunlari o‘rnatilgan, ekologik monitoring tizimi joriy etilgan. Tasniflash ishlari xalqaro ROAM (Restoration Opportunities Assessment Methodology) metodologiyasi asosida iqlimiy, geobotanik va ijtimoiy omillar inobatga olingan holda amalga oshirilmoqda.
RESILAND loyihasi mutaxassisi Nodira Ahmedxo‘jayevaning ta’kidlashicha, viloyatda loyiha doirasida jami 24 ming 250 gektar maydonda tasniflash ishlari olib borish belgilangan bo‘lib, hozirga qadar 19 ming 819 gektar yerda ekologik tasniflash jarayonlari amalga oshirilgan. Loyiha hamkorlari agroo‘rmonchilik imkoniyatlari va mahalliy aholi bilan hamkorlikda olib borilayotgan yondashuvlar, loyiha jamoasining malakasi, ilmiy asoslangan yondashuvlari va mahalliy sharoitlarga mos yechimlarini yuqori baholadi.
Biroq ayrim yo‘nalishlarda yuqori ijro qayd etilgan bo‘lsa-da, yaylovlarni tiklash va sanoat o‘rmonlarini rivojlantirish kabi sohalarda natijalarni yanada yaxshilash zarur. Loyihaning asosiy ustuvorligi — butun landshaftni barqaror tiklash va ekotizimlar o‘rtasidagi o‘zarao bog‘liqlikni ta’minlashdan iborat.
Fazliddin Ro‘ziboyev.