Ko‘chalar ta’mirlanmoqda, nurchilar va suvchilardan sado yo‘q

Saylov okrugimdagi G‘afur G‘ulom mahallasidagi Abu Bakr Narshaxiy, Tamxid, Xo‘ja Muyin Farxunda, Olmaliq, G‘afur G‘ulom ko‘chalari, Xo‘ja Abdu Darun mahallasidagi M.Rajabov, Beruniy ko‘chasi 1 va 2-tor ko‘chalaridagi yo‘llar yaroqsiz holga kelgan. Bu muammo tegishli tashkilotlar bilan o‘rganilib, manzilli dasturga kiritildi. Olib borilayotgan ishlar bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Hududdagi mahallarda Samarqand shahar Kengashining 5-sessiyasida berilgan topshiriqlar asosida mahalla faollari bilan hududdagi kambag‘al oilalarning ro‘yxati shakllantirilib, ularda mehnatga layoqatli oila a’zolarini ish bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqyapmiz.

Okrugdagi 8 ta mahallada 166 kambag‘al oila bor. Bugungacha 24 kishi jamoatchilik ishiga, 9 nafari duradgorlik, 4 nafari kurer, 12 nafari tikuvchilik, 2 nafari Samarqand “SAG” korxonasiga, 1 nafar fuqaro viloyat onkologiya shifoxonasiga ishga joylashtirildi. “Sam Sity”da ishlash istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, 8 nafar fuqaroga bank kreditlari ajratilib, tikuv mashinasi, non mahsulotlari ishlab chiqarish pechi, nusxa ko‘chirish apparati, parranda va qo‘y olib berildi.

Saylovchilarni o‘ylantirayotgan muhim muammolarni hal qilish maqsadida turli tashkilotlarga 18 ta deputatlik so‘rovi yo‘lladim. Jumladan, shahardagi Xo‘ja Abdu Darun mahallasiga qarashli Beruniy ko‘chasida, Sadriddin Ayniy mahallasidagi Abdulla To‘qay ko‘chasining 300 metr qismida kanalizatsiya o‘tkazish kerak. Chashma mahallasidagi Xo‘ja Doniyorbek ko‘chasidagi 350 metr suv trubasi yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli ichimlik suvi muammoga aylangan. Sadriddin Ayniy, Qo‘shchinor, Abdulla Qahhor mahallalaridagi bir qator ko‘chalarda irrigatsiya tarmoqlari talabga javob bermasligi sababli kuchli sel va yog‘ingarchilik vaqtida suv toshqinlari yuzaga kelib, aholi xonadonlariga zarar yetyapti. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida shahar hokimi, 2-sektor rahbari, shahar obodonlashtirish boshqarmasiga deputatlik so‘rovlari yo‘lladim. Qayd etilgan masalalar yuzasidan zarur ishlar olib borilyapti.

Bundan tashqari, joriy yilning mart-may oylarida bo‘lgan kuchli sel va yog‘ingarchilik oqibatida okrug hududidagi Sadriddin Ayniy, Qo‘shchinor mahallalarida istiqomat qiladigan 20 dan ortiq aholi xonadonlari zarar ko‘rdi. Ba’zi xonadonlar o‘ta yaroqsiz ahvolga keldi. Tegishli murojaat asosida ushbu xonadonlarni ta’mirlash, kerakli qurilish materiallari bilan ta’minlash shahar hokimligi tomonidan ko‘rib chiqilishiga erishdik.

Ammo ayrim tashkilotlardan deputatlik so‘rovlariga javob ololmay xunob bo‘lmoqdamiz. Misol uchun, mart oyida Xalfa Ibrohim, G‘ofur G‘ulom, Abdulla Qahhor mahallalaridagi simyog‘ochlarning yaroqsiz holatga kelib qolganligi sababli aholining xavfsizligini ta’minlash, yuz berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shahar elektr tarmoqlari korxonasiga bir necha marotaba deputatlik so‘rovi yubordim. Ammo hali-hanuz javob qaytarilmadi.

Fevral oyida Chashma mahalla fuqarolari yig‘iniga qarashli Xo‘ja Doniyorbek ko‘chasidagi ichimlik suvi quvuri muammosi yuzasidan “Suvoqava” DUK Samarqand shahar filialiga yuborilgan deputatlik so‘roviga nosozlik aprel-may oyida to‘liq bartaraf etilishi ma’lum qilindi. Ammo mana iyun oyi ham yarimlab qoldiki, muammo muammoligicha qolmoqda.

Muhiba BOBOBEKOVA,

xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.