Samarqanddagi ayrim chang ko‘chalar sement-beton bilan qoplanadi

- Viloyatda jami 150 ga yaqin ob’yektda 106 kilometr ichki yo‘llar klaster usulida sement-beton qoplamalar bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Hozirda manzilli ro‘yxat asosida barcha ko‘cha va yo‘llar bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazilib, qurilishga mas’ul bo‘lgan pudratchilar aniqlandi.

Bu viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi boshlig‘i Abror Ilmurodovning bizga bergan ma’lumoti. Gap shundaki, Prezidentimizning 2022 yil 18 maydagi “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda klaster usulda sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan. Hozirda bir necha ko‘chalarda bunday ishlar bajarilyapti.

Tenderda g‘olib bo‘lgan “New Tech Samarkand” MChJ quruvchilari Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Narpay, Paxtachi, Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi yo‘llarni ta’mirlaydi. Shuningdek, “Memor Oʻtkir Chovka” MChJ esa Payariq, Oqdaryo, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida, “Maroqand Sement Invest” MChJ qo‘shma korxonasi Toyloq va Urgutda, “Jomboy Yashil chiroqlari” MChJ yo‘lsozlari Jomboy va Bulung‘urda, “Bunyodkor Obod Pastdargʻom” DUK ishchilari Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida ko‘cha va yo‘llarni sement-beton bilan qoplashga mas’ul sanaladi.

-  Payariq tumanida 10 mahallada joylashgan 10 kilometrlik ichki yo‘llarni ta’mirlab, sement-beton qoplama bilan yangilashni maqsad qilganmiz, - deydi "Me’mor O‘tkir Chovka" MChJ rahbari Muzrob Toshev. – Ayni paytda tumandagi Oqqo‘rg‘on mahallasida 0,8 kilometr, Choshtepada 2 kilometr, Maniobod mahallasida 1 kilometrlik masofadagi ko‘chalarni tekislab, tosh-shag‘al to‘kish ishlarini boshlab yubordik. Bu ishlarni 10 ta maxsus texnika va 50 nafarga yaqin ishchilarimiz bajarmoqda.

D.To‘xtayev.