Amir Temur ko‘chasida piyodalar uchun yerosti yo‘lagi quriladi
Shu kecha-kunduzda Samarqand shahrini obodonlashtirishda Abu-Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihasi ham muhim o‘rin tutmoqda. Mazkur loyiha bo‘yicha shaharning markaziy ko‘chalarida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda.
“Mesmer-east LLS” qurilish korxonasi ishchilari Gagarin va O‘zbekiston ko‘chasi oralig‘ida ichimlik suvi tarmoqlarini qurish ishlarini olib bormoqda. Bu ishlarga korxonaning 40 nafardan ortiq ishchi va mutaxassislari jalb qilingan bo‘lib, 26 ta yuk tashish, qazish va boshqa maxsus texnikalar yordamida kovlash va quvur ko‘mish ishlarini bajarmoqda.
- Bugungacha mazkur ob’yektda 10 kilometrdan ziyod suv tarmoqlarini yotqizdik, -deydi loyiha ish boshqaruvchisi Zafar Shomirzayev. – Amir Temur ko‘chasida 2,1 kilometr masofaga 800 diametrlik cho‘yan qoplamali quvur yotqizish ishlarini yakunladik. Ayni kunlarda Gagarin ko‘chasidan O‘zbekiston ko‘chasi tomonga 650 metr masofaga quvurlarni montaj qildik. Markaziy tarmoqqacha 200 metrga yaqin masofa qoldi. Mazkur ob’yektdagi ishlar joriy yilning 1 iyuligacha yakuniga yetkaziladi.
Ichimlik suvi tarmoqlari yangilanishi bilan birga suv bosimini bir me’yorda ushlash maqsadida barcha suv inshootlari hamda taqsimlash tugunlari to‘liq zamonaviy energotejamkor nasoslarga almashtirilib, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tashkil etiladi.
Yaqinda Amir Temur va Bo‘stonsaroy ko‘chalari oralig‘idagi 2,3 kilometr masofada ichimlik suvi tarmoqlari yangilangan edi. Endi shu hudud “Nev-Tech Samarqand” MChJ ishchi-mutaxassislari tomonidan asfalt qilinmoqda.
- Mazkur ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlariga 90 nafardan ziyod ishchi, 50 dan ziyod yuk mashinalari va maxsus transport jalb qilingan, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Alisher Inoqov. – Hozirgacha yo‘lning 700 metr qismi 3 qavat qoplamalar bilan tayyorlanib, so‘nggi asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Tez kunlarda yana yo‘lning 1,5 kilometrlik qismini ta’mirlash ishlarini boshlaymiz.
Amir Temur ko‘chasidagi qurilish - ta’mirlash ishlari yakunlangach, yo‘lning eni 20 metrga yetadi. Ko‘chaning ikki tomonidan piyoda va veloyo‘laklar, gulxona bo‘ladi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Shuningdek, ayni vaqtda yo‘lsozlar yangi piyodalar o‘tish yer osti yo‘lagi qurishni ham boshlab yuborishdi.
– Tunnelning uzunligi 36 metr, eni 4 metr va balandligi 2,5 metrni tashkil etadi. Mazkur yer osti yo‘lagi 71-bog‘cha va hamda 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oldida joylashadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.