Ibratli voqea: Ehson

Bir tanishim uyiga taklif qildi. Ehsonga uyidan oz-moz pul olib bermoqchi edi. Xonadoni eshigidan kirdimu, ichkariga qadam ranjida qilmadim.
Tanishim ayoliga nimadir dedi-yu, shu onda ayolining ovozi erinikidan balandroq chiqdi:
"Siz pul bermasangiz ochdan o‘lishar ekanmi? Qachon qarama ko‘chaga sovurasiz! Bundoq, qorinni ham o‘ylang, ertaga uyni qayta remont qilish kerak..."
Oxirigacha eshitmadim. Uydan chiqib ketdim. Tanishim birozdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib meni so‘radi. Shoshilinch qo‘ng‘iroq bo‘lib, tez chiqib ketdim, deb qo‘ydim. Xijolat bo‘lmasin dedim. Aslida er kishini izza bo‘layotganiga chiday olmay chiqib ketgandim...
Yo‘l-yo‘lakay ketar ekanman, "Yo Robbim, baxil umr yo‘ldoshdan O‘zing asra, men bunaqasiga sabr qila olmas ekanman!", deb takrorlardim.
Shu onda bir voqea yodimga tushdi:
Abu Dardo roziyallohu anhu 600 tup xurmo bog‘ini musulmonlar uchun hadya qilib yuboradi. Shu on ayoli Ummu Dardo roziyallohu anho bog‘ ichida yurgani yodiga tushib, shoshib ayolini chaqiradi:
- Tez bog‘dan chiq! Men uni miskinlarga hadya qilib yubordim. U endi bizniki emas.
Shunda ayoli "To‘g‘ri qilibsiz! Alloh sizni ne’matlantirsin! Juda katta savobli ishga qo‘l uribsiz!", deb sevingandi.
Bor-budini ulashib, o‘zi hech vaqosiz qolyaptiyu, ayoli bundan sevinib, erini ko‘ngliga sakinat ulashyapti...
Saodat asrida bu oila eng taqvoli va zohid oila hisoblangan. Men ularning hayotlari va yashash tarzini ko‘p o‘rganganman. Juda havasim kelgan...
Ammo yuqoridagi holatdan esa juda achindim. Tanishimga emas, baxil ayoliga...
Ehhh...!
Jahongir Ibrohimov.