“Samarqand suv ta’minoti" MChJ rahbari va viloyat XTB boshlig‘i deputat so‘roviga javob qaytarmagani uchun mulzam bo‘ldi
Negaki, xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan sessiyasida turli savollardan tashqari, deputatlik so‘rovlariga javob qaytarilmayotganligi tanqid ostiga olindi.
Xususan, 1-Bog‘ibaland saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Badriddin Nasriyevning ta’kidlashicha, Samarqand shahridagi Zarafshon mahallasi ahli hududdagi suv minorasini ta’mirlash va yangilash uchun barcha zarur jihozlarni keltirgan.
Ammo zarur ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma va malakali mutaxassislar zarur bo‘lmoqda. Bu borada deputat so‘rovi yo‘llagan B.Nasriyev qonunda belgilangan muddat o‘tib ketganiga qaramasdan, javob olmayotganligini bildirdi.
Nima uchun javob qatarmaganiga to‘xtalib o‘tirmagan “Samarqand suv ta’minoti" MChJ rahbari K.Yusupov masalani joyida borib o‘rganish va suv minorasini qurish, kerak bo‘lsa, qurib berilishini va’da qildi.
Sessiyada shuningdek, 52-Toyloq saylov okrugidan deputat Lola Rustamova viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonovga yanvar oyida yuborgan deputat so‘roviga javob berilmayotgani sababini so‘radi.
Deputat so‘rovida qayd qilinishicha, Toyloq tumani Nurli yo‘l mahallasidagi 17-maktab binosi 2012 yilda qurilgan. Quvvati 240 o‘rinli ta’lim maskanida 4 ta fan kabineti, 4 ta o‘quv xona mavjud. Hozirgi kunda 17 ta sinfda 393 nafar o‘quvchi o‘qiydi.
Sport zali, kutubxona yo‘q. Shu bois maktabda qo‘shimcha bino va sport zali qurilishi uchun dasturga kiritilishida amaliy yordam so‘ralgan.
Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bunday mazmundagi deputat so‘rovidan xabari yo‘qligini bildirdi.
Xulosani, oxirgi gapni Kengash raisi aytdi.
- Kengash kotibiyati tomonidan har bir deputatlik so‘rovi nazoratga olinib, uning ijrosini ta’minlash shart, - dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Kengash, uning deputatlari bilan munosabatni endi tubdan o‘zgartirish kerak.