"Samarqand suv ta’minoti" MChJ: Anomal sovuq kunlari soha bo‘yicha murojaatlar soni keskin oshib ketdi

"Samarqand suv ta’minoti" MChJ xabariga ko‘ra, tizimda viloyat bo‘yicha anomal sovuq kunlari — 9-15 yanvar oralig‘ida 203 ta shikoyat kelib tushgan. Shundan 188 tasi joyida bartaraf etilgan. 15 tasi bir necha kun talab etgan.

Avariya holatlarini bartaraf etish uchun 26 ta brigada tuzilgan bo‘lib 109 ta ishchi xodim 27 ta maxsus texnika jalb etilgan.

Sohada tumanlardan kelgan eng ko‘p suv tortadigan nasos, suv minorasi va boshqa inshootlar muzlab qolgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Nasosdan suv minorasigacha, suv minorasidan iste’molchilargacha bo‘lgan tarmoqlarni eritish ishlariga asosiy e’tibor qaratilgan. Keyingi kunlarda kunduzi havo harorati ko‘tarila boshlagach, bu turdagi murojaatlar soni qisqargan.

Shaharda turuvchi iste’molchilardan ham anomal kunlarda soha bo‘yicha juda ko‘p e’tiroz va murojaatlar kelib tushgan. "Samarqand suv ta’minoti" MChJga ko‘ra, mazkur kunlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab Samarqand shahri va boshqa hududlardagi ko‘p qavatli uylarga suv yetkazib berishda muammolar paydo bo‘lgan. Chunki suvni tortib, kerakli bosim bilan aholigacha yetkazish uchun elektr kerak. Bu esa iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Elektr ta’minotida barqarorlik tiklana boshlagach, mazkur muammo yuzasidan ham murojaatlar soni pasaya boshlagan.