“Samarqand suv ta’minoti” mutasaddilariga nega ma’muriy chora ko‘riladigan bo‘ldi?
Samarqand tumanidagi Sho‘rboi mahallasi ahli qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga mo‘ljallangan suvni iste’mol qilishga majbur bo‘layotganini ular qachon tushunib yetadi?
Vaholanki, tegishli tashkilotlarga bu borada bir necha marta murojaat qilingan.
Shu o‘rinda boshqaruv idoralari mutasaddilariga deputat so‘rovi xalqning dardi, ularni qiynab kelayotgan muammo sifatida qarash zarurligini ta’kidlab o‘tish lozim. Aksincha munosabatda bo‘lgani uchun “Samarqand suv ta’minoti” rahbariga xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ma’muriy chora ko‘rish taklif qilindi. Ular Sho‘rboi mahallasida ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish haqida kiritilgan deputat so‘rovini qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqmagani uchun shunday yo‘l tutildi.
O‘ylaymizki, yaqin kunlarda Samarqand tumanidagi saylovchilar qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga mo‘ljallangan suvni iste’mol qilish muammosidan qutuladi.
Albatta, bu bilan barcha tashkilotlarda deputat so‘roviga bepisandlik mavjud, ularni ko‘rib chiqishda loqaydlikka yo‘l qo‘yilyapti, degan fikrdan yiroqmiz. Negaki, aksariyat hollarda deputatlik so‘rovi orqali masala kiritganimizda bular qisqa muddatda hal qilinmoqda.
Misol uchun, Ravonak mahallasida yashovchi bir guruh saylovchilar hududga Internet tarmog‘i tortishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Hududdan saylangan viloyat Kengashi deputati sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasiga deputat so‘rovi kiritdim.
So‘rovimiz qisqa muddatda ko‘rib chiqilib, Ravonak mahallasida zamonaviy axborot texnologiyalari o‘rnatilib, Internet xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Sho‘rboyi mahallasida temir ustun va boshqa vositalar yangi o‘rnatilib, bir qancha vaqtdan buyon havo tarmoqlari tortilmay kelinayotgandi. "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" rahbariga kiritgan so‘rov natijasida masala qisqa fursatda hal etildi.
Rost, hududda aholi turmush farovonligini oshirish uchun qilinayotgan xayrli ishlar talay. Ammo odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar ham yo‘q emas. Muhimi, ayrim mutaxassislarning o‘z ishiga sovuqqonligi bilan kuzatilayotgan kamchiliklar jamoatchilik nazorati bilan o‘z yechimini topmoqda.
Narziqul Xoliqov,
49-Ravonak saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.