Suv minorasi ta’mirlanmoqda

Zarnews.uz telegram kanalining bugun, 30 iyun kuni e’lon qilingan "Maqsad tanqid emas, mas’uliyatni eslatish...." sarlavhali tanqidiy maqolada Payariq tumanidagi Taraqqiyot hamda Xosa mahallalari hududida joylashgan ichimlik suv minoralaridagi yoriqlar yuzasidan asosli fikrlar bildirilgan edi.

Ushbu holat bo‘yicha "Samarqand suv ta’minoti" aksiyadorlik jamiyati munosabat bildirdi.

"Ma’lum bo‘lishicha, jamiyatimizning Payariq tumani filialiga qarashli bu suv minoralarida qilingan ta’mirlash ishlariga qaramay, ularning ayrim joylarda yana yoriqlar paydo bo‘lgan.

Hozirda mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilib, ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Shu bilan birga, ichimlik suvining isrof bo‘lishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha nazorat va texnik tadbirlar kuchaytirilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi ta’minlanmoqda.

Yuzaga kelayotgan texnik nosozliklar bo‘yicha muntazam ravishda profilaktik tekshiruvlar olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunday holatlar bo‘lib turishi mumkinligi, ammo ularni imkon qadar tezkorlik bilan bartaraf etish uchun barcha sa’y-harakatlar safarbar etilayotganini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.

Shuningdek, "Samarqand suv ta’minoti" AJ Payariq tuman filiali mas’ul xodimlari aholiga sifatli va xavfsiz ichimlik suvini yetkazib berish yo‘lida o‘z faoliyatini qat’iyat bilan davom ettirishini bildirgan.