2040 yilgacha 33 ta davlat suv taqchilligi bilan to‘qnashishi mumkin: Ular orasida O‘zbekiston ham bor
Madaniyatimiz va urf-odatlarimizda suvni qadrlash, uni toza saqlash bo‘yicha ko‘plab maqol va amaliyotlarning mavjudligiga qaramasdan, hayot uchun zarur bo‘lgan ushbu ne’matni haddan tashqari ko‘p isrof qilyapmiz.
Agar suvni tejash madaniyatini barchamiz o‘zimizga singdirmasak toza suv tanqisligi iqtisodiy, ijtimoiy va hatto siyosiy muammolarga olib keladi.
Dunyo resurslari instituti taxminlariga ko‘ra, 2040 yilga kelib jahonning 33 davlati suv taqchilligi bilan to‘qnashadi. Ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari ham bor, jumladan, O‘zbekiston ham.
Shunga qaramasdan, xonadonlarda, ayniqsa, hovli-joylarda suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, xonadonlardagi suzish havzalari, basseynlar barpo etib, ularni ichimlik suvi bilan to‘ldiryapmiz.
Viloyatimizda salkam 275 ming ichimlik suvi iste’molchilari mavjud bo‘lib, ularning 124 minggi, ya’ni 45 foizi suvdan hisoblagichsiz foydalanadi. Hisoblagich o‘rnatmasdan foydalanayotgan iste’molchilar salmog‘i Urgut tumanida 93 foiz, Narpay tumanida 89 foiz, Toyloq tumanida 85 foiz, Paxtachi tumanida 81 foiz, Past Darg‘om tumanida 62 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyulda imzolangan "Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorida ichimlik suvidan hisoblagichsiz foydalanuvchi iste’molchilar uchun narxlar 1,5 barobar qimmat qilib belgilangan.
Shu sababli, viloyatimiz aholisiga ichimlik suvidan oqilona foydalanishni, suv hisoblagich moslamalari o‘rnatish orqali ichimlik suvi va o‘z daromadlarini iqtisod qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.
Zero, bizdan keyingi avlodlar ham asrlar davomida tabiat ne’matlaridan beminnat bahramand bo‘lishi, barchamizning suvdan foydalanish madaniyatini o‘zlashtirishimizga bog‘liq.
Komilbek Yusupov, "Samarqand suv ta’minoti" MChJ direktori.