Samarqand viloyatida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida 264 ta qonunbuzilish holatlari qayd etildi

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari tomonidan qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, 2021 yil iyul oyining o‘tgan 15 kunligida 649 marta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, 264 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Qonunbuzilish holatlari yuzasidan 176 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 400 ta ogohlantirishlar berildi, 79 ta holat bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa, 9 ta holat yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Ushbu taqdimnomalarga asosan, 2 nafar fuqaroga nisbatan intizomiy jazo chorasi belgilandi. Inspeksiya organlari tomonidan 161 ta holatda vakolat doirasida ma’muriy ishlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi, 15 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar, qonuniy qarorlar qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 15 ta holatda sudlarga yuborildi.

Xususan, Inspeksiyaning Ishtixon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 111 nazorat tadbirlarining 54 tasida, Urgut tumanida 69 ta nazorat tadbirlarining 47 tasida, Narpay tumanida 33 tadan 23 tasida hamda Past Darg‘om tumanida 38 ta nazorat tadbirlarining 17 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmaslik, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishda transportdan foydalanish va boshqarish yuzasidan belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik holatlari yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan, jazo chorasi belgilangan.