Bu safar deputat so‘rovlariga befarqlikka sababchi pandemiyami?
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Aziz Ahrorov aholi muammolarini o‘rganish va ularni samarali hal etish maqsadida joriy yilning mart oyida Samarqand shahrining Bog‘i Feruza va Abdurahmon Jomiy mahallalaridagi saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Uchrashuvda Bog‘i Feruza mahallasi aholisi tomonidan ko‘tarilgan Xiva va Boysun ko‘chalarini ta’mirlash, hududdagi yangilangan ichimlik suvi quvurini Panjikent ko‘chasidagi asosiy magistral ichimlik suvi manbaiga ulash, 41 dona yaroqsiz holga kelgan simyog‘ochlarni zamonaviy beton ustunlarga almashtirish, Xiva ko‘chasi 8-xonadon hovlisidagi avariya holatiga kelib qolgan simyog‘ochni xonadondan tashqariga ko‘chirish kabi 10 ga yaqin muammolar, shuningdek, Abdurahmon Jomiy mahallasida yashovchi Mirjalol Mavlonnazarov va Zarnigor Husainovaning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishda yordam so‘ralgan murojaatlari yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini yuborgan edi.
Mana, qariyb 3 oy o‘tsa hamki, birorta so‘rovga javob kelmagan.
Oradan vaqt o‘tib, mazkur mahallalarda ko‘tarilgan muammolar ijrosi o‘rganilganida, birorta ham mutasaddi tashkilot vakili masalani o‘rganishga kelmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Aslida mutasaddi tashkilot “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga binoan deputatlik so‘roviga 10 kun ichida javob berilishi lozim. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 193-moddasida deputat so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Deputat so‘rovlarga bu safargi befarqlikni mamlakatimizda karonavirus pandemiyasi sabab barcha hududlarda karantin e’lon qilinganligi bois e’tiborsiz qoldirilgan deya baholab, muammolar yuzasidan yana bir bor mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuboradigan bo‘ldi.
O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi axborot xizmati.