Xitoy kompaniyasi Ishtixonda 1 milliard dollarlik mahsulot tayyorlaydigan korxona quradi
Viloyat delegatsiyasi tarkibida Chin o‘lkasida bo‘lib turgan tuman hokimi F.Ro‘ziyev qator manfaatli kelishuvlar imzolanganini xabar qildi.
Jumladan, “Stone platform" kompaniyasi bilan tog‘ toshlarini qazib olish, qayta ishlash (qiymati 50 million dollar) hamda "Hydroblok shover systembrochure” kompaniyasi bilan barcha turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish (qiymati 80 million dollar) loyihalari ustida muzokaralar olib borilmoqda.
- Tumanda 6,2 million kub tonna tosh zaxirasi bor, - deydi F.Ro‘ziyev. - Uni qazib olish hamda qayta ishlab, qurilish materiallariga aylantirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
«NOVA» assotsiatsiyasi «Bir kamar - bir yo‘l» loyihasi doirasida Afrika va O‘rta Osiyo mamlakatlariga investorlar olib borish bilan shug‘ullanadi. Ishtixonliklar assotsiatsiya ofisida bo‘lib, investitsiyalar asosida turli mamlakatlarda tayyorlanayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishgan.
Muloqotlar yakunida assotsiatsiya rahbari bilan Ishtixon tumaniga Chin o‘lkasi investitsiyalarini kiritish bo‘yicha bitim tuzilgan. Assotsiatsiyaga 500 dan ziyod korxonalar a’zo ekanligi hisobga olinsa, tuzilgan bitim ishtixonliklar manfaatli bo‘lishi shubhasiz.
Xizmat safari davomida qishloq xo‘jaligi sohasida Xitoy tajribasini Ishtixonda yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.
- Bu borada parrandachilik yo‘nalishidagi korxona rahbarlari bilan muloqotimiz, ayniqsa, samarali bo‘ldi, - deydi F.Ro‘ziyev. - Chunki o‘zaro suhbat chog‘ida 100 million dollar sarmoya kiritishni taklif qilishdi. Ahamiyatlisi, loyiha doirasida yiliga 1 milliard dollarlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.