Issiqlik ta’minoti: ham uy isiydi, ham kamxarajat bo‘ladi

Samarqand shahar aholisini issiqlik bilan ta’minlab keluvchi RK-1 va RK-2 qozonxonalari ishga tushirildi. Bir necha yillan buyon Bog‘dod ko‘chasidagi qozonxona qurilishi davom etib kelayotgan edi.

Foydalanishga topshirilishi bir necha bor ortga surilgan ob’yekt dekabr oyida ishga tushirildi va aholi xonadonlariga issiqlik uzatila boshlandi.

Prezidentimizning 2019 yil 2 dekabrdagi “Issiqlik ta’minoti tizimini takomillashtirish va issiqlik ta’minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Samarqand shahrida RK-1 markaziy qozonxonasiga yangi 21 mVt quvvatga ega bo‘lgan 3 ta avtomat tizimli qozon, 95 ta induvidual issiqlik punkti (IIP) va issiqlik quvvatini hisoblovchi 80 ta uskuna o‘rnatilib, 15,4 kilometr issiqlik tarmog‘ini yangilash va hududdagi 92 ta ko‘p xonadonli uy-joylarga uzluksiz issiqlik ta’minoti berilishi belgilangan edi.

- Qaror asosida issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash hamda aholini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi, - deydi “Issiqlik ta’minoti” MChJ boshlig‘i Akbar Bahriyev. – Jumladan, dekabr oyida Samarqand shahridagi ikkita yirik qozonxona ishga tushirildi. Hududlardagi issiqlik ta’minoti tizimi holati o‘rganilib, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar sinovdan o‘tkazilgandan so‘nggina aholi xonadonlariga ulangan tarmoqlarning ishlashiga ruxsat berildi.

Mazkur ishlarni o‘z zimmasiga olgan “Elit Grand” MChJ quruvchilari tomonidan 3 ta qozon, 2 ta transformator o‘rnatildi. Qozonxonadagi turli quvvatdagi 6 ta nasos ishga tushirildi. Shuningdek, 3 ta dudbo‘ron o‘rnatilib, montaj ishlari bajarildi. Barcha nasoslar suv tarmog‘iga ulanib, issiqlik hisoblagichlar o‘rnatildi.

- Bir paytlar mazkur qozonxona yordamida qariyb 25-30 ming aholi yashovchi xonadonlar isitilib, issiq suv bilan ta’minlanib kelinar edi, - deydi Rudakiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi mehnat faxriysi Ivan An. – Keyinchalik issiq suv kelmay qoldi. Bora-bora qishda uylarimiz ham isimaydigan bo‘ldi. Bir necha bor shahar hokimiyatiga murojaat qilganimizda “Endi issiqlik ta’minoti bo‘lmaydi, unga mas’ul tashkilot ham tugatiladi, qishga tayyorgarliklaringni ko‘raveringlar”, deb javob berishganidan so‘ng odamlar o‘z kvartirasidagi issiqlik batareyalarini olib tashladi. Ayni vaqtda, elektrga va tabiiy gazda ishlaydigan ikki konturli pechlardan foydalanib kelyapmiz. To‘g‘ri, xarajati ko‘p, lekin boshqa ilojimiz ham yo‘q-da, uyni isitishimiz kerak-ku, axir?

Ayni vaqtda RK-1 qozonxonasi yordamida Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasidagi 102 va Bog‘dod ko‘chasida 20-ko‘p qavatli uylarda joylashgan 76 ta xonadonda yashovchi 250 nafar aholining issiqlik ta’minoti qayta tiklandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 15,4 kilometr issiqlik quvurlari yotqizilib, 91 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga individual issiqlik punktlari o‘rnatilgan. Tarmoqlarni aholi xonadonlariga o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.

Qish boshlanishi bilan shahardagi RK-2 markaziy qozonxonasi ham ishga tushirildi. Hozir Sartepa massividagi 17 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 680 ta xonadonning issiqlik ta’minoti tiklandi.

- Bir vaqtlar e’tiborsizlik qilib kvartiramizdagi barcha issiqlik batareyalari va quvurlarini olib tashlagan ekanmiz, - deydi Abdurasul G‘ofurov. – Endi ta’minot butunlay izdan chiqdi, qaytib ishlamasa kerak degan xayolda yurgan ekanmiz. Qishning qahraton kunlarida yana issiqlik qaytdi. Yangi, issiqlik tejovchi zamonaviy batareyalar o‘rnatdik. Gap ahillikda ekan, uyimizdagi barcha xonadon egalari bilan kelishgan holda, quruvchilarning tarmoq o‘tkazishlariga sharoit yaratib berdik. Ular yerto‘laga induvidual issiqlik punkti o‘rnatib, darrov tizimni ishga tushirishdi. Elektr va gazga ortiqcha xarajat qilmaydigan bo‘ldik.

Issiqlik tizimlari tiklangan xonadonlarning egalari ayrim uylarda isitish va issiq suv ta’minoti yaxshi emasligi, ya’ni isitish radiatorlarida va suv olish joylarida issiq suvning harorati pastligini aytmoqda. Ular uyni isitish va issiq suv bilan ta’minlashda qanday me’yorlar belgilangani to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘rashdi.

- Iste’molchilarni issiq suv bilan ta’minlash kecha-kunduz va uzluksiz amalga oshiriladi, - deydi “Issiqlik ta’minoti” MChJ bo‘lim boshlig‘i Jamoliddin Husanov. - Isitish mavsumida 1995 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turarjoy xonalaridagi harorat kamida 20 daraja, agar issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan bo‘lsa, harorat kamida 18 daraja bo‘lishi kerak. Issiq suv ta’minoti bo‘yicha sanitariya qoidalariga muvofiq suvning harorati 50–75 daraja issiq bo‘lishi kerak. Ayni vaqtda ushbu zamonaviy qozonxonalarimizdagi uskunalar ana shu talabga javob beryapti. Markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bilan qamrov imkoniyati bo‘lmagan hududlarda xonadonlar lokal va boshqa isitish qurilmalari bilan ta’minlangan. RK-2 markaziy qozonxona to‘liq ishga tushsa, 386 ta ko‘p qavatli uyga va 22 ta ijtimoiy soha ob’yektiga xizmat ko‘rsatadi.

Yopiq tizimga o‘tish orqali, iste’molchi, ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va issiqlik ta’minoti korxonasi o‘rtasida aniq hisob-kitoblar amalga oshiriladi, chunki har bir individual issiqlik punktida aqlli hisoblagich o‘rnatiladi. Yetkazib berilayotgan issiqlik energiyasining miqdori, harorati va bosimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida qayd etib boriladi. IIPning isitish blokidagi nasoslar uy ichki isitish tizimidagi radiatorlarda issiqlikning bir maromda aylanishini ta’minlab, bitta xona isib, ikkinchisi isimay qolishi bartaraf etiladi. Uyning so‘nggi qavatidagi xonadonlarda ham sutkaning istalgan vaqtida issiq suv jo‘mragi ochilgan zahoti issiq suv tushishiga erishiladi. Natijada issiqlik energiyasi iqtisod qilinib, oylik to‘lovlar kamayishiga zamin yaratiladi va energiya resurslarining 7 foizdan 10 foizgacha tejalishiga erishiladi.

Dilmurod To‘xtayev.