Mo‘’jaz jussadagi ulkan yurak yoki Sur’at Oripov haqidagi xotiralarim
1971 yil. Talabaligimizning dastlabki oylari edi adashmasam. Domlalarimizdan biri, professor Saydulla Mirzayev xatjild ichiga solingan anchayin salmoqli: o‘n sahifadan ziyodroq matnni qo‘limga tutqazib, hozirgi “Zarafshon”, o‘sha chog‘lar “Lenin yo‘li” deb atalgan viloyat gazetasi tahririyatiga, madaniyat bo‘limi mudiri Sur’at Oripovga olib borib berishimni tayinladi.
Men bu topshiriqni xursandchilik bilan qabul qilib, darhol yo‘lga tushdim. Zero...
Tahririyat Samarqand davlat universitetining biz o‘qiydigan o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetidan uncha uzoqmas, shahar madaniyat va istirohat bog‘ining chekkasidan o‘tuvchi Kommunistik ko‘chasi 82-uydagi qizg‘ish-jigarrang nikolaycha pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan uch qavatli ko‘hna, lekin mustahkam binoda joylashgan bo‘lib, men sayr chog‘lari uning yonidan ko‘p o‘tgan, sirtidan qiziqish bilan tomosha qilgan, mavridi kelsa, ichkarisiga kirib, ushbu ijodiy maskanning zavqli hayoti bilan yaqindan tanishsam, degan niyatni ko‘nglimga tukkan edim.
Sur’at Oripovni esa taniqli shoir va viloyat gazetasi madaniyat bo‘limi mudiri sifatida ancha ilgaridan bilardim. Buning birinchi sababi, uning Rauf Parfi bilan birgalikda bosilgan ilk she’rlar kitobini hali maktabdalik chog‘imda, щtgan asrning oltmishinchi yillari miyonasida o‘qigandim. Ikkinchisi, o‘ninchi sinfdaligimda adabiyot o‘qituvchimiz Toshboy Shodmonov haqida o‘zimcha bir “ocherk” yozib, viloyat gazetasiga jo‘natganman va u bosilib chiqmagan bo‘lsa-da, Sur’at Oripov imzosi bilan e’lon qilingan yosh qalamkashlar mashqlari haqidagi sharhnomada “pichoqqa ilinadigan”lar qatori tilga olib o‘tilgan va bu menga chandon sevinchu ilhom bag‘ishlagan edi. Tabiiyki, bunday paytlar kishida ana shu e’tirof muallifi bilan ko‘rishish va minnatdorlik bildirish ishtiyoqi uyg‘onadi. Xullas...
Domlamning topshirig‘i menga ana shu ishtiyoqni ro‘yobga chiqarish imkonini ham yaratmoqda edi.
Alhol, yevropacha usulda barpo etilgan, “Lenin yo‘li”dan tashqari xuddi shu nomdagi o‘rischa gazet hamda Morozov nomli viloyat bosmaxonasi joylashgan salobatli imoratning kungay tarafga qaragan yog‘och darvozasidan kirib, ikkinchi qavatga ko‘tarilar ekanman ich-ichimda ixtiyorsiz bir hayajon, qanaqadir yangi tuyg‘u, o‘zgacha to‘lqinlanish holatini his etdim. Buning sababi – nainki O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi keksa ijodiy dargohlardan biriga ilk bor qadam qo‘yayotganim bilan bog‘liq bo‘lgan esa ajabmas. Ehtimolki, payt kelib o‘zimning taqdirim ham shu dargoh bilan bog‘lanajagi, bu yerda uzoq yillar ishlashim, hatto rahbarlik qilishim borasidagi ilohiy bashorat ayon bo‘lgandir. Axir inson ko‘ngli sezadi, deydilar-ku. Mayli, hozircha u gaplarni qo‘yaylik va domlamning maqolasini eltish asnosidagi ilk va g‘oyat qisqa, lekin unutilmas uchrashuv tafsilotlarini davom ettiraylik.
“Madaniyat bo‘limi” degan lavha o‘rnatilgan eshikni darrov topdim. Taqillatib ichkariladim. Shifti baland, bo‘yiga uzun, eni torroq, anchayin qorong‘u va salqin xonada mendan o‘n yoshlar katta, o‘rtabo‘y, sochi yuqoriga taralgan, bug‘doyrang-qizg‘ish chehrali, ko‘rinishidan xayolchan va ijodkorlikka moyilligi anglashilib turgan kishi xona sohibi kursisida emas, pastda, xodimlarga mo‘ljallangan joyda qimtinibgina o‘tirgan ekan. Chamasi biror she’ri yoki maqolasini ko‘rsatishga olib kelgan.
– Sur’at aka yo‘qlarmi? – deb so‘radim.
– Hozir kelib qoladilar. O‘tirib turing, – deya menga yonidan joy ko‘rsatdi yosh ijodkor xushmuomalalik bilan. Men bunday xayrixohlikdan mamnun o‘laroq, poygakroqdagi stullardan biriga omonat o‘rnashdim.
– She’r olib kelganmidingiz? – deya so‘radi yigit.
– Yo‘q, maqola, domlamizniki.
– Ha-a, talabamisiz? O‘zbek filologiyasidami? Yaxshi. Men ham Toshkentda, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qiganman, – dedi suhbatdoshim va darhol rostgo‘ylik ila qo‘shimcha qildi, – Sirtdan.
– Yaxshi ekan, – dedim men va eshik ochilib, qadam bosishidan xona sohibi ekanligi aniq bilinib turgan, gavdasi o‘rtachadan kichikroq, lekin qaddi tik, harakatlari dadil va o‘ktam kishi kirib kelgani bois suhbatdoshimning ismi sharifi kim, qayerda ishlaydi, so‘rashga ulgurmay qoldim. Faqat Sur’at akaning so‘zidan angladimki, ismi Asad. Qarangki, oradan vaqt o‘tib, bu kishi bilan ancha yillar birga ishlashib, aka-uka, yaqin birodar bo‘lib ketdik. U taniqli yozuvchi va jurnalist Asad Dilmurod ekan.
Sur’at aka men bilan salomlashib, o‘rniga o‘tib o‘tirdi. Avval Asad akaga qarab:
- Bo‘ldi, boravering, men ko‘rib, fikrlarimni aytaman. Agar ma’qul tushsa, bosish uchun redaktorga tavsiya etaman.
Asad aka chiqib ketgach, menga yuzlandi:
– Keling uka, xizmat?
Shunda men bu bo‘yi pastroq, kichik jussali odamning ovozi g‘ayritabiiy ravishda gulduros bilan juda salobatli va o‘ktam jaranglashidan hayratlandim. Odatda o‘ziga ishonchi komil, ruhan qudratli, bir so‘z bilan aytganda, sheryurak odamlar shunday ohangda gapiradilar.
– Domla mana buni berib yuborgandilar, – deya xatjildni uzatdim.
– Yaxshi. Bo‘ldimi? Yo... o‘zingizning ijod namunalaringizdan ham qo‘shib opkeganmisiz domla bahonasida, – miyig‘ida jilmayib so‘radi Sur’at aka.
– Yo‘q.
– Ijod qilib turasizmi o‘zi?
– Oz-moz.
– Nimalar yozasiz? She’rmi?
– Hikoyalar mashq qilaman, – dedim men va bundan bir yil oldin yuborgan maqolam gazeta sahifalarida u kishining imzosi bilan chiqqan sharhnomada tilga olinganini aytdim. U jilmaydi:
– Maqtaganmidim?
– Rag‘batlantirgansiz.
– Demak, ko‘proq yozishingiz, tinimsiz mashq qilishingiz kerak. Tushunarlimi? Ora-orada... o‘zingizga ma’qullaridan tanlab olib keling. Xo‘pmi? Gaplaringizning ohangiga qaraganda adabiyotga havasingiz borga o‘xshaydi. Bo‘pti, boravering. Xayr!
– Rahmat!..
Garchand Sur’at aka na ismimni, na nechanchi bosqichda o‘qishim va na nimalar yozishimni so‘ragan bo‘lsa-da, uning huzuridan juda ruhlanib chiqdim. Bu qisqa da’vat menda – haligacha hech kimga ko‘rsatilmagan mashqlar bitib yurgan havaskorga ijod qilish uchun berilgan rasmiy ruxsatnomadek taassurot qoldirdi. Ancha dadil, ishonch bilan mashq qila boshladim. Hatto...
Talabalardagi ijodiy tortinchoqlik, ya’ni o‘z mashqlarini hech kimga ko‘rsatmaslik oqibatida o‘z iste’dodini yuzaga chiqarmay o‘tib ketish hollari haqida bir “muammoli” maqola yozib, u kishiga olib borish ishtiyoqi paydo bo‘ldi menda. Bir necha kun hafsala bilan qog‘oz qoralab, shu mavzuda bir “bitik” yaratdim. Lekin...
Olib borishga jur’atim yetmadi. Bir imdoddan hovliqib, tahririyatga maqola tashishni boshlab yuborsam, “ishchi-dehqon muxbirlari” to‘garagida qatnashib, yuzaki axborotlar insho etishning hadisini egallagan ayrim saboqdoshlarimdan farqim qolmaydi, degan andishaga bordim. Zero, dorilfunun-u fakultetdagi odatiy tadbirlar haqida xabar yozib, tahririyatga zir qatnaydigan “kunda-shunda” oshnalarim talaygina edi. “Hali ko‘p ter to‘kishing kerak og‘ayni, gazetaga shunday bir “asar” olib borginki, o‘qigan kimsa hayratdan yoqa ushlasin” deya hazilomuz balandparvoz xitob qildim o‘zimga. Shu tariqa...
O‘qishni bitkazgunimcha Kommunistik ko‘chasidagi 82-uyga qaytib yo‘lim tushmadi. Darvoqe, bu orada viloyat gazetalari-yu bosmaxona Kuznetskaya (keyinroq Ulug‘ Tursunov) ko‘chasida yangi qurilgan matbuot majmuiga ko‘chib ketganligini eshitdim. Albatta...
Fakultetimizda bo‘ladigan adabiy kechalar, Toshkentdan keladigan taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlarda Sur’at Oripovni goh-goh ko‘rib, she’rlarini tashnalik bilan eshitib turardim. Zero, talabalik tasavvurim ila uni o‘sha davrlarning zamonaviy va peshqadam shoirlari Rauf Parfi, Abdulla Oripovlar qatoriga qo‘yar, u keladigan uchrashuvlarda albatta ishtirok etishga harakat qilardim. Ammo u bilan alohida suhbatlashishning mavridi bo‘lgan emas. Tahririyat xodimlaridan Asad Dilmurod, Dilbar Saidova, yana kimlardir fakultetda Nuriddin Shukurov rahbarlik qiladigan va biz faol qatnashadigan “Shalola” ijodiy to‘garagiga tez-tez kelishar, o‘z asarlarini muhokama uchun taqdim etishardi. Shu asnoda ularning ayrimlari bilan muloqot qilib, Sur’at aka haqida ham so‘rab turardim. Lekin Sur’at akaning o‘zi bu to‘garakka kelganini eslolmayman.
So‘nggi bosqichda ustozlarim – professorlar Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev, Botirxon Valixo‘jayev (keyinroq akademik bo‘ldi) va boshqalarning maslahatiga ko‘ra o‘qishni bitkazgach, ilmiy ish bilan shug‘ullanishga ahd etdim. Nuriddin aka o‘sha chog‘lar dekan edi va mening fakultetda ishga olib qolinishim uchun ancha sa’y-harakat qildi. Biroq aksiga olib, ayni taqsimot chog‘i fakultetimizda bo‘sh o‘rin bo‘lmay qoldi. Shunda...
– Joy ochilguncha, viloyat gazetasi tahririyatida ishlab turasan, Ahmadjonga aytaman, korrektor qilib ishga oladi, – deb qoldi Nuriddin Shukurov. Va darhol telefon go‘shagini olib, bosh muharrir raqamini terdi. Unga meni nimalar deb maqtaganini gapirib o‘tirmayman. Har holda sim ortidagi suhbatdoshi talabiga rozi bo‘ldi shekilli menga o‘girilib:
– Ertaga ertalab tahririyatga borib, Muxtorovning o‘ziga uchrashasan,–dedi va har ehtimolga qarshi so‘rab ham qo‘ydi. – Tahririyatning yangi binosini bilasan-a?
– Topaman...
Ertasiga kallai sahardan turib, vaqtincha ishlab turishim mo‘ljallanayotgan mo‘’tabar maskan sari yo‘l oldim.
Bosh muharrir yig‘ilishga ketgan ekan. Qabulxona kotibasi mas’ul kotibga uchrashimni maslahat berdi. Uning qayerda o‘tirishini so‘radim.
– Qo‘shni xonada, –dedi u. – Ismu familiyalari – Sur’at Oripov.
– Bilaman, – dedim va dahlizga chiqib o‘ng tomondagi ikki tabaqali oq eshikni dadil taqillatdim.
– Kiring!..
Bo‘sag‘adan o‘tib, uzunchoq xonaning to‘ridagi stol yoniga borishga taklif kutib to‘xtab qoldim.
Xona sohibi sigaret tutatgan ko‘yi muk tushib qo‘lyozma o‘qiyotgan ekan. “Keling” demadi. Chunki tanimadi. Birinchi uchrashuvimizdan buyon besh yil vaqt o‘tgandi axir. Salomimga birrov ko‘z qirini tashlash asnosida alik oldi va matndan boshini ko‘tarmay tashrifim maqsadini so‘radi.
– Shukurov domla yuborgandilar. Ish masalasida...
– Hm-m, ish, deng? Familiyangiz nimaydi? – deb so‘radi o‘sha meni hayratga solgan tanish guldiragan qudratli ovoz bilan.
Aytdim. U kecha telefon orqali bo‘lgan suhbatdan xabardor ekan chog‘i sigaretini kuldonga bosib, menga bir qo‘r diqqat bilan razm solgach, o‘rnidan turib keldi. Qo‘l berib ko‘rishdi. Uning jussasi mo‘’jazroq ekaniga qaramay, kafti anchayin katta va kuchli ekaniga e’tibor berdim. Ovozining gulduros ekani bejiz emas ekan.
– Yuring ,– dedi u meni o‘z ortidan dahlizga boshlab.
Ergashdim. Sathiga “mozaika” uslubida oq-ko‘k gulli kulrang silliq beton yotqizilgan nim yorug‘ dahlizda biroz yurib, qarshi tarafdagi eshiklardan birini ochdi. Men eshik tepasiga “Propaganda bo‘limi” degan peshlavha ilinganini ilg‘ashga ulgurdim. Xona mas’ul kotibnikiga qaraganda ancha kichkina esa-da, kungay tomonda bo‘lgani uchun ancha yorug‘ bo‘lib, kattakon deraza yonida bir-biriga qarama-qarshi taqab qo‘yilgan yozuv stollarining o‘ng tomondagisida o‘ttiz besh yoshlardagi oq-sariq yuzli, miqti gavdali kishi o‘tirar edi.
– Abdusodiq, bu yigit bugundan e’tiboran sizga shogird. Sinab ko‘rib, xulosangizni aytasiz, – dedi Sur’at aka. Keyin menga o‘girilib, loqaydroq ovozda ogohlantirib qo‘ydi. – Hozircha bo‘sh o‘rin yo‘q. Agar... sinovdan o‘tsangiz, ungacha ochilib qolar. O‘tirib, ishni boshlayvering.
Sur’at aka chiqib ketgach, Abdusodiq aka (uning familiyasi Murtazoyev bo‘lib, ushbu bo‘limning mudiri ekan) men bilan ko‘rishish uchun qo‘l uzatishini kutdim. Ne ajabkim, kaminani shogirdlikka olayotgan ushbu muhtaram zot buni o‘ziga ep ko‘rmadi. Boshdan-oyoq ko‘zdan kechirgach qarshisidagi stol tomon ishora qildi:
–Ana shu yerda o‘tirib ishlaysiz. O‘tib, joylashavering.
Joylashdim. Darhol miyamda “nega bo‘sh o‘rin yo‘qligini kecha domlaga ochiq aytishmagan, naomadikor, (bu Samarqand shevasida “mabodo”, degani) hali-veri joy ochilmasa, bekorga sarson bo‘lib yuramanmi, keyin nega bu odam men bilan qo‘l berib ko‘rishmadi yoki mikrobofobiya kasali bormi”, degan fikrlar aylanib, malulroq kayfiyatda ko‘rsatilgan kursiga qo‘ndim.
– O‘zimizning universitetdan keldingizmi? – deb so‘radi mudir.
– Ha. Filologiya fakultetini bitirdim.
– Toshkentdan, jurnalistikani tugallab kelgan yigitlar ham joylasholmay yuribdi, – dedi u mengami, ulargami achinish ohangi bilan. – Redaksiyaga ishga kirish oson emas.
Bu gap mening shusiz ham tushkun kayfiyatimga halokatli ta’sir etdi.
– Unda... bekorga ovora bo‘lib yurmasdan ketaqolsammikan. Nima deysiz?
– Redaktorning o‘ziga kirmadingizmi?
– Yo‘q. U kishi mas’ul kotibga uchrashimni tayinlabdi.
– Sur’at aka aniq va’da berdimi o‘zi?
– Hozir o‘zingizning oldingizda aytgan gapi. Boshqa hech narsa deganlari yo‘q.
–Ha-a, bir-ikki kun ishlab turing-chi. Bir hisobi bo‘lar...
Keyin u menga tahririyatga jamoatchi muxbirlar tomonidan yuborilgan bir-ikkita maqolalarni berdi.
– O‘qib, qayta ishlab va tahrirdan o‘tkazib, bosishga tayyorlaysiz.
Men maqolalarni o‘qishga tutindim. Bu orada tushlik vaqti bo‘ldi. Taomilga ko‘ra rahbarimni birga taomlanib kelishga taklif etdim. Bu bilan o‘zimcha uni ziyofat qilajagimga ishora berdim. Ammo...
– Men tushlik qilmayman. O‘zingiz bemalol chiqib kelavering. Keyin... esimdan chiqmay aytib qo‘yay: ertaga soat o‘nda Siyosiy maorif uyida viloyat Ateizm uyining ochilishiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘ladi. Ishga kelib o‘tirmasdan to‘g‘ri o‘sha yoqqa o‘ting, qatnashib, maqola tayyorlab kelasiz. Xo‘pmi?
– Xo‘p!..
Asosiy mavzudan chetga chiqib ketmaslik uchun gapni muxtasar qilaman. Ertasi kuni o‘sha dahriylarning o‘sha “tarixiy” anjumanida ishtirok etib, “Ateizm uyi ochildi” sarlavhali maqola yozib keldim. Murtazoyev uni ancha bo‘yab-bejab, epaqaga keltirdi va u hozirgi “Zarafshon”, o‘sha yillar “Lenin yo‘li” deb atalgan viloyat gazetasining 1976 yil 1 avgust sonida bosilib chiqdi. Va...
O‘sha maqola tufayli mudir Abdusodiq Murtazoyev darhol jazolandi. Bir haftalar o‘tgach, u bo‘lim mudirligidan boshqa “yengilroq” ishga o‘tkazilib, o‘rniga men keyinchalik jurnalistikadagi ilk ustozim, deb biladigan taniqli qalamkash va zukko inson Mannob Najmiddinov keldi. U haqda boshqa xotiranomalarimda ko‘p va xo‘b so‘zlaganim uchun bu yerda to‘xtalib o‘tirmay, Sur’at aka bilan keyingi musohaba, mubohasa va mujodalalarimizga o‘taman.
Habib TEMIROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
(Davomi bor)