Xorijdagi vatandoshlarimiz va ularning oilalari e’tibordan chetda emas

Samarqand shahrida viloyatimizdan mehnat migratsiyasiga ketgan fuqarolarning farzandlari va ularning yaqinlari uchun Yangi yil bayrami tadbiri tashkil etildi.

Dastlab ishtirokchilar viloyat musiqali drama teatrida bolajonlar uchun sahnalashtirilgan spektaklni tomosha qilishdi.

Shundan so‘ng Samarqand shahridagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohat uyushtirildi.

Tadbir bayram dasturxoni atrofida davom etdi va bolajonlarga yangi yil sovg‘alari ulashildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev ishtirok etdi.

— O‘g‘lim xorijda bo‘lsa-da, davlatimiz e’tiborini his qilib turibmiz, — deydi Oqdaryo tumanida yashovchi Nazokat Xidirova. — Ayniqsa, bayramlarda farzandlarimizni eslab, qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun rahmat, o‘zlarini yolg‘iz emasligini, davlatimiz g‘amxo‘rligini sezishmoqda. Bugun ham nabiralarim bayramona kayfiyat ulashilganidan xursand bo‘lishdi.

Migratsiya agentligi viloyat filiali rahbari Laziz Ibragimovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda viloyatimizdan 170 mingga yaqin fuqaro mehnat migratsiyasi maqsadida xorijiy davlatlarda faoliyat olib bormoqda. Ularning mehnat faoliyati, yashash sharoiti hamda oilaviy ahvoli O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, viloyat bandlik boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tashkilotlar hamkorligida doimiy o‘rganilib, zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.