2067 ta ko‘p qavatli uydan 554 tasida issiqlik bor: Aholi qachon sovuqdan bezmaydi?
Viloyat hokimining farmoyishiga asosan joriy yil 22 oktyabrdan ijtimoiy soha ob’yektlari, aholi xonadonlarini isitish mavsumi boshlandi.
Xo‘sh, nima uchun ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlashda kamchiliklar uchramoqda?
Bugungi kunda viloyatimizda mavjud 2067 ta ko‘p qavatli uylarda 71 mingdan ziyod xonadon bo‘lib, shundan 554 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 20,5 mingga yaqin xonadon issiqlik ta’minoti tizimi bilan ta’minlangan. Jumladan, 129 ta ko‘p kvartirali uy markaziy va lokal qozonxonalar bilan isitilsa, 425 tasi individual ikki konturli qozonlar orqali isitiladi.
“Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi tomonidan markaziy isitish tarmoqlari yordamida Samarqand shahridagi 19 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 474 ta xonadon, Nurobod tumanida 97 ta uydagi 2544 ta xonadon isitiladi.
- Samarqand shahridagi 1138 ta ko‘p kvartirali uylarning 301 tasida issiqlik tizimi bor, - deydi shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Firdavs Mahmadiyorov. - Ularning 36 tasi markaziy va lokal qozonxona yordamida, 265 tasi esa induvidual ikki konturli qozonlar orqali isitilmoqda. 837 ta uyda istiqomat qiluvchilar o‘z xonadonlarini isitishda turli tizimlaridan foydalanadi.
Joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida korxonaga 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Shuning hisobidan 8 ta isitish qozoni almashtirildi. Jumladan, Universitet xiyoboni atrofidagi ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlash maqsadida 800 metr, O‘zbekiston ko‘chasidagi 585 metr masofadagi magistral quvurlar yangilangach, shu hududda yashovchi qariyb 10 mingga yaqin aholining issiqlik tizimi va issiq suv bilan ta’minlanish darajasi yaxshilandi.
- Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, Samarqand shahri issiqlik tizimini yaxshilash maqsadida davlat byudjetidan ham, investorlar mablag‘lari hisobidan ham mablag‘ ajratilmoqda, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Rahim Ahmedov. – Shaharning Rudakiy ko‘chasidagi RK-1 qozonxonasini rekonstruksiya qilish maqsadida 64 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, uni ta’mirlash Turkiyaning «Geksan» kompaniyasi quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ishchilar eski, muddati o‘tgan 15 kilometr magistral quvurlarni zamonaviy, issiq saqlovchi qoplamaga ega quvurlarga almashtirmoqda. Qozonxonaning o‘ziga 3 ta zamonaviy, energotejovchi qozonlar o‘rnatilib, tarmoqqa ulanmoqda. Loyihaga ko‘ra, rekonstruksiya ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilyapti.
- 2019 yilda Samarqand shahridagi RK-2 qozonxonasini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish maqsadida Butunjahon banki tomonidan 30 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan edi, - deydi Butunjahon bankining mintaqaviy koordinatori Botir Ishoqov. – Biroq ikki yildan beri pandemiya tufayli ta’mirlash-tiklash ishlari ortga surilib kelmoqda. Hozirgacha aholi xonadonlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, issiqlik tizimlari ko‘zdan kechirildi. Endi qurilishni olib boruvchi kompaniyalarni tanlab olish uchun tender e’lon qilindi. Bosqichma-bosqich shahardagi Sartepa, So‘g‘diyona va Mikrorayonning «A» va «B» hududida yashovchi 54 ming aholi issiqlik bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ikkinchi bosqichda uchta 100 megavattlik qozonxona, 6,1 kilometr issiqlik quvurlari, 61 dona individual issiqlik punktlari quriladi. Loyiha bo‘yicha rekonstruksiya ishlari 2023 yilgacha davom etadi.
Loyiha koordinatorining gaplariga ishongimiz keladi. Biroq, loyiha boshlangandan buyon ikki yildan ziyod vaqt o‘tibdi, nahotki shuncha vaqt ichida gapirishga arzigulik ishlar bajarilmagan bo‘lsa? Aholi xonadonlarini havoyi gaplar bilan isitib bo‘lmaydi-ku! Loyiha ishga tushishiga yana ikki yil bor ekan, ungacha aholi uylarini qaysi yo‘l bilan isitadi?
Yana bir gap. «Issiqlik manbai» DUKning inqiroz yoqasiga kelib qolganligining sabablaridan biri korxona mutasaddilarining layoqatsizligidir. Bugungi kunda iste’molchilarning korxonadan 4 milliard 542 ming so‘m qarzi bor ekan. Bu to‘lovlarni yig‘ib olish oson emas. Chunki sovuq kunlari xonadoni yetarlicha isitilmasa aholi to‘lovlarni amalga oshirmasligi kundek ayon.
Biroq korxonaning qariyb 775 million so‘m tabiiy gazdan, 286 million elektr energiyasidan, 347,5 million so‘m sovuq suv va kanalizatsiya tizimlaridan, 200 million so‘m davlat byudjetidan, jami 19,5 milliard so‘m qarzi mavjud ekanki, bu aholiga xizmat ko‘rsatish holati qay darajada tushib qolganidan dalolat beradi.
«Issiqlik manbai» DUKga qarashli deyarli barcha qozonxonalardagi qozonlar, isitish tarmoqlari, suv quvurlari belgilangan 25 yillik muddatini o‘tab bo‘lgan. 50 yil davomida yangilanmagan qozonlar allaqachon eskirgan.
- Korxonamizga qarashli 22 ta isitish qozonxonasining 1 tasi Nurobod shahrida joylashgan, - deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Hamid Hasanov. – 10 ta markaziy, 12 ta mahalliy kozonxonalarning yarmida issiqlik tarmoqlari eskirib, qozonlari ishdan chiqqan. Markaziy qozonxonalarning ham faoliyati to‘xtatilgan.
Yilning sovuq mavsumi hamma vaqt ham sinov bo‘ladi. Kuz-qish mavsumining betalafot o‘tishi mavsumga qay darajada tayyorgarlik ko‘rilishiga bog‘liq.
Dilmurod TO‘XTAYeV.