Qozonxona va quvurlar eskirgani sabab Sartepa, Mikrorayon “A” , “B”, Sug‘diyonadagi turar joylarga issiq suv uzatilmaydi
Samarqand viloyati hududidagi ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turar joy binolarini isitish mavsumi 15 oktyabrdan boshlandi.
Aslida ham shu kunlarda havo harorati salqinligi uchun issiqlik va issiq suvga talab oshgan. Xo‘sh, Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy soha ob’yektlarida bu talab nechog‘lik qondirilyapti? Bir necha yildan buyon ishlamagan tizim joriy yilda ishlaydimi?
- Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini avgust oyida boshlaganmiz, - deydi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi rahbari Yoqub Qurbonov. – Xususan, Samarqand shahri bo‘yicha 7 ta yangi nasos uskunasi o‘rnatildi. 5 ta markaziy va 10 ta mahalliy qozonxonaga ega 28 ta qozon va 32 ta nasos uskunasi hamda 810 metr issiqlik tarmog‘i quvurlari joriy ta’mirlandi. Shuningdek, 683 metr quvurning 200 metr qismi almashtirildi, qolganlari yangilanmoqda.
Ayni paytda korxonamiz tomonidan Samarqand shahridagi 2- va 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, bolalar xirurgiyasi shifoxonasi, «Samarqand xalqaro aeroporti»ga markaziy va lokal qozonxona orqali issiqlik va issiq suv yetkazilyapti.
Bundan tashqari, Samarqand shahrining Beruniy ko‘chasida joylashgan 30 ta ko‘p qavatli uyning 1838 ta xonadonini issiqlik tizimi bilan ta’minlash maqsadida alohida lokal qozonxona o‘rnatilib, tarmoqqa ulanmoqda.
Samarqand shahridagi qozonxonalar va markaziy quvurlar 1960-1980 yillarda qurilgan, ya’ni tizim ma’nan eskirgan. Shu bois, Sartepa, Mikrorayon “A” , “B”, Sug‘diyonadagi ob’yektlar va turar joylarga joriy yil kuz-qish mavsumida issiqlik va issiq suv uzatilmaydi.
Kimyogarlar shaharchasidagi (29 daha) qozonxonani ishga tushirish bo‘yicha texnik topshiriq berilgan. Bu hududdagi 108 ta ko‘p qavatli uylarga qishda issiqlik va issiq suv uzatish choralari ko‘rilmoqda.
Husan ELTOYeV.