Mavsum boshlanganidan buyon «Issiqlik manbai» DUKning dispetcherlik xizmatiga bor-yo‘g‘i 6 marta murojaat qilingan
Viloyat «Issiqlik manbai» davlat unitar korxonasining Samarqand shahrida 14 ta qozonxonasi bo‘lib, Sartepa, Sug‘diyona, Kimyogarlar kabi massivlarda joylashgan 54 ta ko‘p qavatli uy-joylardagi 1860 ta xonadon hamda 36 ta ta’lim va tibbiyot muassasalarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlaydi.
Isitish mavsumi boshlanganidan buyon korxonaning dispetcherlik xizmati aholidan bor-yo‘g‘i 6 marta murojaat qabul qilgan.
- Hozirgi kunda 14 ta qozonxonalarimiz kechayu-kunduz ishlab, ko‘p qavatli uylarga issiqlik energiyasi yetkazib beryapti, - deydi dispetcherlik xizmati navbatchisi Farhod Yorbekov. – Avariya brigadamiz yordamida 4 ta issiqlik tarmoqlarida sodir bo‘lgan avariya holatlari bartaraf etildi, ikkita vaziyatdagi holat shirkatlar yordamida ta’mirlandi.
So‘nggi ikki kun ichida viloyat «Issiqlik manbai» davlat unitar korxonasi dispetcherlik xizmatining 221-42-60 telefon raqamlariga Samarqand shahridagi O.Mahmudov ko‘chasi, 55-uy, 19-xonadon hamda 53-uydagi 19-xonadonlarda issiqlik tarmoqlari yorilib, xonadonlarga suv toshayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushdi. Avariya brigadasi zudlik bilan borib kamchiliklarni bartaraf etdi.
D.TO‘XTAYEV.