IT, aloqa va startaplar: Samarqandda raqamlashtirish sohasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Viloyatda raqamli xizmatlar, telekommunikatsiya va aloqa infratuzilmasi yaxshilash, startap loyihalarni amalga oshirish hamda sohada kadrlar tayyorlash borasida qanday ishlar qilinyapti?

Viloyat Matbuot uyida raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat bo‘limi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqida so‘z yuritildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy shu’basi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyevning ta’kidlashicha, viloyatda raqamli xizmatlar bozori so‘nggi uch yilda 2,5 baravarga yuqorilagan.

Jumladan, 2023 yilda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 1318,4 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2013,4 milliard so‘mni (o‘sish 152 foiz), 2025 yilda esa 2764, 3 milliard so‘mni (o‘sish 137 foiz) tashkil etgan. Shu yilning birinchi choragi yakunlari bilan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 774,1 milliard so‘mni (o‘sish 119,2 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkich 3250 milliard so‘mga yetkazilishi maqsad qilingan.

Keyingi yillarda IT Park rezidentlari soni ham o‘sib, 2 ming nafardan ziyod yoshlarning bandligi ta’minlandi, - deydi D.Xo‘jamberdiyev. - Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 2500 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Eksport salohiyati esa viloyatimizning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini ko‘rsatmoqda. Xususan, IT Park rezidentlari tomonidan 21,5 million dollarlik eksport xizmatlari amalga oshirilgan. Shuningdek, viloyatda sifatli mobil aloqani tashkil etish maqsadida shu yilning o‘tgan davrida 275 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi va 262 ta mobil aloqa baza stansiyalari modernizatsiya qilindi. O‘tgan yili viloyatda 3,3 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortilgan bo‘lsa, shu yilning birinchi choragida 630 kilometr magistral tarmoqning yotqizilishi ta’minlandi.

Viloyatimizda raqamlashtirish sohasini rivojlantirish uchun “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 230 ming nafar aholi va yoshlar qamrab olingan. Shu bilan birga, hududlarda IT-shaharchalari va Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasi amalga oshirilib, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning bepul bilim olish imkoniyatlari yaratilmoqda. Yoshlarning bandligini ta’minlash, eksport xizmatlarini oshirish maqsadida esa 2030 yilgacha bo‘lgan yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Xususan, 2026-2027 yillarda Samarqand shahrida qurilishi davom etayotgan zamonaviy IT-Park foydalanishga topshiriladi. Shu yildan “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi orqali 25 ming nafar yoshlar bepul o‘qitiladi. 2030 yilgacha esa 300 ming nafar yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishda o‘qitilib, viloyatning AT xizmatlari eksporti 100 million AQSh dollariga yetkaziladi. Shuningdek, davlat xizmatlaridan elektron foydalanish ulushi 95 foizga yetkazilib, olis hududlarda yo‘ldosh aloqa tizimlarini joriy qilinadi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.