Samarqanddagi 43 qishloqda aloqa yaxshi emas. Yoki 2019 yilda viloyatda internet tezligi nechog‘lik oshadi?

Internet tezligini oshirish imkoni bormi? Buning uchun iste’molchidan, asosiysi internet provayderlardan nima talab etiladi? Viloyatda aloqa xizmati yo‘lga qo‘yilmagan qishloqlarda qachon o‘zgarish bo‘ladi? Samarqand viloyatida bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu  savollarga javob topish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Nodir EShNAZAROV bilan suhbatlashdik.

- Viloyatda internetdan foydalanuvchilar soni haqida ma’lumot bersangiz?

- Ayni paytda viloyat miqyosida 706 ming aholi mobil aloqa, 50 mingga yaqini esa simli tarmoqlar orqali internetga ulangan.

- Internetdan foydalanuvchilar yaxshi bilishadi, optik tolaga o‘tmas ekan, internet tezligi pastligicha qolaveradi. Optik tolali internet tezligi bugungi kun bu talablariga javob beradimi?

- Viloyat miqyosida hozirgacha 2100 kilometr optik tola o‘tkazilgan. O‘tgan yili 240 km uzunlikdagi kabel yotqizilgan bo‘lsa, 2019 yilda bundanda ko‘proq optik tolali aloqa kabeli yotqizish rejalashtirilmoqda. Haqiqatan ham internet tezligi optik tolali kabelda ancha yaxshiroq. Agar raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, mis kabel orqali ulangan internet tezligi 8 Mbit/s ni tashkil qilsa, optik tolali kabel orqali internetga ulangan abonent uchun o‘tkazuvchanlik tezligi 100 Mbit/s ni tashkil qiladi. O‘rtadagi farq nechog‘lik ekanini tushungandirsiz. Bu yil davomida “O‘zbektelekom” AK magistral telekommunikatsiya tarmog‘i o‘tkazuvchanligini viloyat markazida 40 Gbit/s dan 100 Gbit/sgacha, tuman markazlarida

1 Gbit/sdan 10 Gbit/s gacha oshirish rejalashtirilgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, bu miqdordan to‘laligicha foydalanish imkoni yo‘q.

O‘tgan yil davomida axborot-kommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatish tizimida 40 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, bu yil 79,9 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

- Demak, joriy yilda samarqandliklar viloyatda internet tezligi yanayam yaxshilanishidan umid qilsa bo‘ladi, to‘g‘rimi?

- Qaysidir ma’noda shunday. Bunday deyishimga sabab, tezlik yuqorida ta’kidlaganimday, qator texnik imkoniyatlarga bog‘liq. Xususan, operator va provayder qurilmalari, kabel, mobil aloqalar uchun baza stansiyalarining miqdori, qamrov qoplamalari kabi jihatlarlarga bog‘liq. Internet tezligining yaxshilanishi uchun yildan-yilga zamonaviy qurilmalar o‘rnatilishi lozim. 2019 yil davomida viloyat bo‘yicha 200 dan ortiq baza stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

- Tumanlarda yashovchi  aholi internet tezligi pastligidan shikoyat qiladi...

- Internetdan foydalanuvchilar soni nafaqat shahar markazlari, balki tumanlarda ham oshib bormoqda. Tabiiyki, abonent sonining oshishi ma’lum miqdorda internet tezligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.

Yuqorida ta’kidlaganimday, buning uchun yangi baza stansiyalarini qurish, internet provayderlar ham o‘z texnologiyalarini shunga mutanosib tarzida yangilab borishi talab etiladi.

E’tibor bering, bundan 5-6 yil avval 2G mobil aloqa qamrovining o‘zi abonentlar uchun yetarli edi. Ammo bugun internet sahifalarida rang-baranglik, turli ilovalardan foydalanish tobora ommalashmoqda. Ilgarilari matn variantidagi saytlar bugun internet foydalanuvchilari uchun audio, video yuklamalarni ham namoyish etmoqda. Deyarli har bir saytda bunday holatni kuzatish mumkin. Tabiiyki, bu jarayonlar endilikda nafaqat 2G, balki 3G mobil aloqa qamrovlari ham yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun joriy yilda aholiga keng polosali internet tarmoqlariga ulanish xizmatlarini kengaytirish hamda mobil aloqa qamrovini, 4G tarmog‘ini kengaytirish belgilangan.

- Ammo joylarda oddiy so‘zlashuv aloqasining yaxshi emasligidan shikoyat qilayotganlar ham ko‘p.

- Samarqand viloyatidagi 43 qishloq aholi punktlarida aloqa yaxshi ishlamaydi. Bu borada ham aniq ishlar olib borilishi rejalashtirilgan. Xususan, viloyat hududida mobil aloqa xizmatlari sifatini yaxshilash va qamrov darajasini kengaytirish maqsadida "O‘zmobayl" tomonidan 35 ta GSM, "Unitel" tomonidan 64 ta, "UMS" MChJ tomonidan 50 ta, "Coscom" MChJ tomonidan 53 ta baza stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Sababi, eng chekka hududda yashovchi aholi ham hech bo‘lmaganda tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish imkoniga ega bo‘lishi lozim.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.