“Alpomish”da bolajonlarga shodlik ulashildi

Kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tomonidan Samarqand tumani Ohalik mahallasida joylashgan “Alpomish” bolalar oromgohida tadbir bo‘lib o‘tdi.
12 iyun - Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni munosabati bilan Kengash qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Kasaba uyushma viloyat Kengashi raisi S.Rafiqov yurtimizda olib borilgan amaliy ishlar natijasida tizimli ravishda bolalar mehnatidan foydalanishga butunlay barham berilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Turli taqdimotlar, musobaqalar, bilimlar bellashuvi va albatta, kuy-qo‘shiqlardan iborat qiziqarli bayram dasturi bolajonlarga quvonch ulashdi. Ular o‘z qiziqishlariga ko‘ra, rasm chizish, shaxmat-shashka bo‘yicha tanlovlarda ishtirok etdi.
Yakunda har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlanib, ular viloyat kasaba uyushmasining esdalik sovg‘alari, shuningdek, faol tarbiyachi va yetakchilar Xorazm viloyatiga 3 kunlik bepul sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlandi.
Dilmurod To‘xtayev.