Hindistonda vafot etgan O‘zbekistonlik ayol bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Hindistonning Haryana shtati Sonipat shahridagi dam olish maskanlaridan birida o‘zbekistonlik ayolning jasadi topilgani haqidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Ma’lum qilinishicha, bu haqda dastlabki xabarlar tarqalishi bilan O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Sonipat shahri polisiyasi bilan aloqaga chiqdi hamda voqeani joyida o‘rganish maqsadida ushbu shaharga safar uyushtirildi.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan amalga oshirilgan harakatlar natijasida marhuma farg‘onalik M.A. ismli 32 yoshli ayol ekani aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayol va ikkinchi vafot etgan shaxs is gazidan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Hodisa sabablariga aniqlik kiritish bo‘yicha tezkor surishtiruv va tibbiy ekspertiza ishlari davom ettirilmoqda.
Diplomatiya missiyasi mazkur hodisa bo‘yicha tergov-surishtiruv jarayonini nazoratga olgan. Marhumaning yaqin qarindoshlari bu haqda xabardor qilingan. Shuningdek, zarur bo‘lgan barcha konsullik-huquqiy amaliyotlar bajarilib, marhumaning jasadini qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga jo‘natish choralari ko‘rilmoqda.