O‘zbekiston va Hindiston jurnalistlari hamkorlik memorandumini imzoladi
Hindiston Press-klubida o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mamlakatimizning Dehlidagi diplomatiya missiyasi vakillari, Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov ikki davlat o‘rtasida so‘nggi yillarda izchil rivoj topayotgan hamkorlik aloqalari, mamlakat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalari haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining faoliyati, so‘z va fikr erkinligi uchun ilg‘or xalqaro tajribaga suyangan holda yaratilgan huquqiy asos, nodavlat axborot manbalari va ijtimoiy tarmoqlarning jamiyat hayotidagi mavqei oshib borayotgani, ushbu sohada xalqaro hamkorlik salmog‘i yildan yilga yuksalayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Hindiston Press-klubi vitse-prezidenti Manoranjan Bharati va boshqalar o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar bugungi kunda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining bugungi yuksak darajasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ikki mamlakat xalqlari va xalqaro jamoatchilikka yetkazish jarayonida ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin tutishiga urg‘u berib, bu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirdi.
Muzokaralar yakunida M.Obidov va M.Bharati o‘zaro hamkorlik va tajriba almashuv haqidagi memorandumga imzo qo‘ydi. Hujjatda Hindiston Press-klubi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi bundan buyon teng huquqli hamkorlik o‘rnatgani, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘zaro axborot almashuviga ko‘maklashishi, har yili jurnalistlarning o‘zaro media-turlari va tajriba almashinuvlarini tashkil etishi, birgalikda forum, konferensiya, ijodiy tanlovlar o‘tkazishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari safar doirasida Hindistonning turli yetakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, ommabop NDTV telekanali va "The Economic Times" gazetasi bilan teleko‘rsatuvlar va axborot materiallari almashishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.