Jurnalist kim va jurnalistika nega kerak?

Bu soha jamiyatning ochiq va faol bo‘lishi uchun muhim vosita hisoblanadi. Davlat va xalq o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik, aholini xabar va yangiliklar bilan tanishtiruvchi, jamiyatdagi og‘riq nuqtalarni ommaga olib chiqib, shu sohalarga e’tiborni kuchaytirishga xizmat qiluvchi soha.

Jurnalistika nima?

Jurnalistika - axborotni to‘plash, tahlil qilish, tekshirish va jamoatchilikka yetkazish san’ati va ilmi. Ijtimoiy voqealarni yoritish, axborotni tarqatish orqali odamlarni xabardor qilishga xizmat qiladi.

Jurnalist nima uchun kerak?

Axborot yetkazuvchi. Jurnalistlar odamlarga hayotdagi muhim voqealar, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalardagi yangiliklarni yetkazadi. Ular hukumat, kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini kuzatib, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi. Maxfiy yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni ochib, korrupsiya va qonuniylikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Jurnalistika orqali odamlarning fikrlari shakllanadi, muammolarga e’tibor qaratiladi, ijtimoiy o‘zgarishlarga turtki beriladi. Ilmiy, madaniy, ta’limiy mavzularni keng yoritib, jamiyatning ma’rifiy darajasini oshiradi.

Qisqacha aytganda jurnalistika - bu haqiqatni izlash va oshkor qilish san’ati, jurnalist esa - jamiyat uchun axborotni yetarli va haqqoniy yetkazuvchi, demokratik va ochiq jamiyatning muhim ustunidir.

Lekin jurnalistning to‘g‘ri so‘zi, tanqidini ko‘tara olmaydigan amaldorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. To‘g‘ri so‘z yoki tanqidning kimga aziz, kimga esa qadrsiz bo‘lishi ko‘p jihatdan uni qabul qilishga, shaxsiy munosabatga va vaziyatga bog‘liq.

To‘g‘ri so‘z haqiqatni qadrlovchi odamlarga, haqiqatni eshitish va bilishni xohlovchilarga, rostgo‘ylikni qadrlaganlarga aziz. Ishonch va samimiylikka asoslangan munosabatlarda tanqid va konstruktiv so‘zlarni qabul qiladiganlarga, o‘zini isloh qilmoqchi bo‘lgan insonlarga, xatolarini to‘g‘rilashni istagan, o‘zini yaxshi tomonga o‘zgartirishga tayyor bo‘lganlarga aziz va qadrli.

Aksincha, haqiqatni qabul qilmaydigan yoki uni rad etadiganlar, o‘zini haqqoniy deb bilmaydigan yoki haqiqatni eshitishni xohlamaydiganlar, o‘zini aldangan yoki zaif his qilgan shaxslarga to‘g‘ri so‘z qadrsiz bo‘ladi. O‘ta g‘ururli va o‘zini hammadan ustun deb biluvchilar ham haqiqatni eshitishni rad etishi mumkin.

Keyingi yillarda jamiyatimizda yengil axborot tarqatuvchilar, shov-shuvga  yo‘g‘rilgan materiallarni targ‘ib qiluvchilar ko‘paydi. Aslida bu muammo faqat bizda mavjud emas, buni rivojlangan g‘arb davlatlari ham boshdan o‘tkazgan. Lekin bizdan farqli o‘laroq ularda axborot, biznes, siyosat, shou-biznesga ixtisoslashgan alohida media guruhlar faoliyat olib boradi va asoslanmagan ma’lumotlarni tarqatganlik uchung juda katta jarimalar to‘lanadi. Bizda bu tizim yaqin yillardan buyon rivojlanib kelmoqda. Lekin hozirgacha bloger yoki vlogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda omma e’tiborini tortish uchun yolg‘on ma’lumot tarqatish yoinki kichik hodisani bo‘rttirib ko‘rsatish holatlari uchramoqda. Bu aholining axborotga ehtiyoji yoki jamiyatdagi voqealarga befarq emasligidan dalolat beradi. Faqat bir muammo borki, odamlar axborotni tekshirilgan yoki xolisligini ajratmay, unga ishonishida.

Bloger jurnalist bo‘lishi mumkinmi, blogerning jurnalistdan farqi nima? Bu savollar ko‘p aytiladi. Albatta bloger ham jurnalist bo‘lishi, axborot tarqatishi mumkin. Bloger odatda mustaqil ish yuritadi, soha bo‘yicha ta’lim olmagan, kasbiy etikani ham bilmasligi mumkin. Tarqatayotgan axborotining to‘g‘ri yoki ishonchliligini tekshirmaslik ehtimoli yuqori, e’lon qilinayotgan materialda sub’yektiv va taassurotlar-hissiyotlarga ko‘proq e’tibor qaratadi va asosiysi axborotni tezda ommaga tarqatadi. Jurnalist esa kasb etikasi, tarqatayotgan axborot media makonda salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi, ma’lumotlarning xolis va ishonchliligini tekshirish va tarqatishiga vaqt sarflaydi. Natijada axborot biroz kechikadi, lekin ishonchli, aniq ma’lumot yetkaziladi. Blogerlar orasida ham axborot xolisligini tekshiradigan, media etikasi va kasbiy standartlarga rioya etadigan, o‘z auditoriyasiga faktlarga asoslangan sifatli ma’lumot bera oladiganlar ham talaygina.

Odamlar shov-shuvli xabarlarni o‘qishni istaydi. Qolaversa blogerlarning mahsulotlari oson tushuniladigan bo‘lgani uchun ularga qiziqish yuqori. Jurnalistik maqolalar ko‘pincha rasmiy tilda yozilgani bois, oddiy odamlarda kam qiziqish uyg‘otadi.

Jurnalistikaning muammosi nimada?

Bu kabi muammolar yuqorida aytganimdek eng rivojlangan davlatlarda ham bo‘lgan. Vafq o‘tishi bilan jamiyatning o‘zi sifatli va ishonchli axborot tarqatuvchi xolis axborot manbalarini tanlab oladi. Bugungi jurnalistikada faqat bloger yoki vlogerlarning shov-shuvga asoslangan noxolis axbrotidan ko‘ra, jurnalistning surishtiruv o‘tkazib, xolis o‘rgangan va e’lon qilingan materiali e’tiborsiz qolirilishi eng katta muammo bo‘lib qolmoqda. Har bir ommaviy axborot vositasi, gazeta, televideniye yoki radio bo‘lsin odamlar ishonganidan, muammosiga yechim bo‘lishiga umid qilganidan, “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida bilganidan murojaat qilishadi. Jurnalist bir necha hafta (gohida oy)lab vaqt sarflab surishtiruv o‘tkazib murojaatni o‘rganib, muammoni ommaga e’lon qiladi. Afsuski, ayrim idoralar o‘z sohasidagi muammo yoki tizim xodimining aybi tufayli yuzaga kelgan holatlarga e’tibor qaratmaydi. Juda ko‘p bo‘lsa “Nazoratga olindi, holat bo‘yicha alohida munosabat beriladi” mazmunidagi xabar e’lon qilinadi. Aslida, bugun jurnalistika jamiyatda illatlarni ochib beruvchi, korrupsiya, monopoliya, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi muammolarni o‘rganib hukumat e’tiborini shu sohaga qaratish va tizimdagi bo‘shliqlarni ko‘rsatib bera oladigan soha bo‘lishi kerak. Bu soha jamiyatning markazida bo‘lib qaysi yo‘nalishda bo‘shliqlar kuzatilsa, tartibga soladigan jamiyat “sanitar”iga aylanishi lozim.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.