Narpaylik jurnalist qiz o‘zi o‘qigan maktabda stipendiya joriy qildi

Savobli amal qilishning katta-kichigi bo‘lmaydi. Shuningdek, savobli ish uchun inson badavlat bo‘lishi ham shart emas. Asosiysi, halol mehnat bilan topilgan mablag‘dan qilingan ehson chin yurakdan bo‘lishi kerak.

Yaqinda jurnalist Inobat Ahatova o‘zi o‘qigan Narpay tumanidagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun stipendiya joriy etdi. 

- Dadam xotirasi uchun qilgan stipendiyamizni “Ko‘mak” deb nomladim, - deydi Inobat. - Bilasizlar, bu jadidlar asos solgan, turkistonlik yoshlarning xorijda ilg‘or bilimlarni o‘qib kelishi uchun tashkil etilgan jamg‘arma nomi. To‘g‘ri, men o‘zim tashkil qilgan kichik bir stipendiyani bunday nomlab, jadidlikka da’vo qilmoqchi emasman. Shunchaki, ular boshlagan g‘oya, harakatlar kichik ko‘rinishda bo‘lsa-da, davom etishini istadim.

Inobat Bekmirza qizi joriy etgan stipendiya ikki yo‘nalishdagi o‘quvchilarga beriladi. Birinchi yo‘nalish g‘oliblari maktabda a’lo baholarga o‘qiydigan, faol o‘quvchilar orasidan imtihon asosida tanlanadi. Ikkinchi yo‘nalishda ehtiyojmand, kam ta’minlangan, oilaviy sharoiti og‘ir o‘quvchilarning har oylik qo‘shimcha darslari puli to‘lab beriladi.

Yaqinda birinchi yo‘nalish bo‘yicha 6 nafar, ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha 5 nafar o‘quvchiga stipendiya berildi. Bu tashabbusdan maktab jamoasi, ota-onalar juda xursand bo‘ldi.

- Men doim ta’lim homiysi bo‘lgan boy odamlarga havas qilganman, - deydi Inobat Ahatova. - Yaxshilik qilish uchun vaziyat, homiylik qilish uchun boy bo‘lishni kutish kerak emas ekan. Hozir imkoningiz boricha yordam, yaxshiliklar qilavering, erta qanday bo‘lishini bilmaysiz.