Jurnalist mulohazalari: Umrning har oni sinovdir
Biz o‘tayotgan umrimizni goh yo‘lga, goh bepoyon dalalarga, goh daryolarga o‘xshatamiz. Uning kimgadir yugurik va aksincha, kimgadir ohista qadam bosgandek tuyulishi tabiiy.
Yozuvchi O‘tkir Hoshimov "ikki eshik orasi" iborasini ishlatganda tug‘ilganimizdan to so‘nggi nafasimizgacha bo‘lgan muddatda o‘tgan hayotimizda xayolimizga keladigan ana shu xulosalarni ham nazarda tutgan. Lekin 70 yoshga to‘lib, bir narsaga amin bo‘ldimki, ikki eshik o‘rtasi biz bilgan va bilmagan sinovlardan iborat ekan. Ayniqsa, shu yoshda hayot yo‘lingga bir qarab olsang, bunday mulohazalar shuuringda yanada teranroq, yorqinroq ko‘zga tashlanadi.
Taqdirning sinovi deganda biz albatta yo‘limizda uchraydigan mushkulotlar, qiyinchiliklar yoki dard-u iztiroblarni tushunamiz. Vaholanki, sinov har lahzada oldimizdan chiqib turibdi. Misol uchun, maktabda yaxshi o‘qish ham, kasbni to‘g‘ri tanlash ham, hatto yaxshi qo‘shniga ega bo‘lish, do‘stga ham sinov. Negaki siz ana maqsadga erishish uchun mashaqqat chekasiz, o‘ylaysiz, xulosa qilasiz.
Binobarin, ma’rifatli oilada yashash ham Yaratganning sinovidan yaxshi o‘tganlarga nasib etadi. Jumladan, kamina garchi xo‘jalikda kichik vazifalarda ishlagan bo‘lsam-da, ma’rifatli Sharifboy akaning farzandi bo‘lishdek baxtga erishganman. O‘n ikki nafar farzandni dunyoga keltirib, kamolga yetkazgan Mukarram Bobomurodovaning o‘g‘liman. Aynan ana shu tabarruk insonlar meni ham o‘n bir farzandidan kam ko‘rmasdan, mehrini baxshida etgan. Bilimga ishtiyoq uyg‘otgan. Shu bois o‘rta maktabni oltin medalga bitirdim. 1970 yilda ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetiga hamqishloq do‘stim Abdusami Samadov bilan bir "hamla"da o‘qishga kirganmiz.
Talabalik garchi ko‘p qatori kechgan bo‘lsa-da, uning zachyot, imtihon, davlat imtihonidan tashqari ham sinovlari bisyor edi. Besh yil ichida nafaqat auditoriyada, balki qurilish ob’yektlari, paxta dalalarida xarakterimiz shakllandi, aniqrog‘i, namoyon bo‘ldi. Bunday saboqlardan o‘tish uchun bilimning o‘zi yetarli emas ekan. Ko‘pchilik bilan muomala qilishni o‘rganish, kerakli gapni kerakli joyda ayta bilish, mehrli, saxovatli bo‘lish faqat hayot sinovidan o‘tganlargagina nasib etdi. Ko‘zga tashlanmaydigan bu sinovlar pirovardida ayrim tengdoshlarimizning peshonasini yaraqlatgan bo‘lsa, ayrimlarining hayotini izdan chiqardi.
Shukr, o‘qishni bitirib, to‘g‘ri qishlog‘imga keldim. Eh-he, jurnalist degan diplomni olgandan keyin xayollaring qanot bo‘lib qolar ekan. Ko‘pchilik Toshkentdagi manaman degan nashrlarni ko‘zlashdi. Kamina esa otam bilan maslahatlashib, to‘g‘ri "Urgut sadosi" gazetasi tahririyatiga bordim. Ehtimol, umrimning bugungi taskinlari, ota-onamning bizlardan minnatdor ketganliklari ana shu sinov chog‘ida qabul qilgan to‘g‘ri qarorim mevasidir. Qolaversa, 45 yil ana shu gazetada ishladim va nafaqaga chiqdim. Binobarin, bunday sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishimda fakultetimizning o‘sha paytdagi dekani professor To‘g‘on Ernazarov, tuman gazetasi muharriri Aktam To‘raqulov kabi insonlarning ham hissasi bor. Aktam aka o‘shanda menga "Uka, bizning ishimiz shoshqaloqlikni yoqtirmaydi, har bir voqeaga sinchkovlik bilan qarash, salmoqli xulosa chiqarish kerak, aytganday, taniqli shoirimiz Barot Boyqobilov, yozuvchilarimiz Asad Dilmurodov, Mamatqul Hazratqulov, Abdusaid Ko‘chimov ham ana shu maktabni o‘tashgan", degan o‘giti bilan meni oldindagi ko‘p sinovlarga tayyorlagan ekan. Shuning uchun Malla Madaminov, Fayzi Haydarov, Rahmon Jo‘rayev, Murodilla Yangiboyev, Murtazo Mustafoyev, Iskandar Boymurodov va Mohira Jumayeva kabi safdoshlarim bilan uzoq yillar davomida baqamti, chinakam raqobatda va eng muhimi, g‘ayratu shijoatda faoliyat ko‘rsatdik. Kimdir bitta maqolasi bilan tanilib ketdi, kimdir birovlarning maqolalarini yozib berib yashadi, kimdir chiroyli tahrir qilishdan kun ko‘rdi – ularning barchasi har kim quvvai hofizasiga qarab sinovlardan o‘tishi edi.
Esimda, 12 kilometr masofadan tahririyatga qatnar edim. Avtobusdan kechiksam, piyoda borishga to‘g‘ri kelardi. Lekin nolimadim, ixchamgina hovlimizda tirikchilikka yarasha u-bu yetishtirdik, farzandlar ko‘rib, ularni kamolga yetkazdim. Ming afsuski, turmush o‘rtog‘imning umri qisqa ekan, 64 yoshida bizni tark etdi. Bu sinovlarda ham farzandlarim, nevaralarim oldida turib berdim. Dardimni ichimga yutib, ularning yaxshi kunlarini istadim.
Hayotning sinovlari ko‘p. Maktabda, umuman, o‘qishda yoki tanlovlarda bu sinov g‘oliblari darhol ma’lum qilinadi. Lekin hayot sinovlari o‘z xulosasini keyinroq aytadi, pirovardida umringizni yo nurga to‘ldiradi, yo armonlarga yetaklaydi. Behad shukrlar bo‘lsinki, kamina bugun 70 yoshimda hayot sinovlaridan imkon darajasida munosib o‘tganligimni sezib turibman. Negaki, kasbimni egallagan o‘g‘lim, farzandlarim yonimda, nevaralar qurshovidaman, qalbga yaqin hamkasblarim ardog‘idaman. Bugungi zamonda insonga mana bunday taskinning o‘zi yetarli deb o‘ylayman. Bunday baxt barchamizga nasib etsin.
Matlab Hasanov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.