Turkiyaning qishloqlarining birida o‘zbekistonlik fuqaro halok bo‘lgan
Turkiyaning Gebze viloyati Bosh prokuraturasidan kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 22 yanvar kuni Gebze viloyati Durakli qishlog‘ida vaqtinchalik yashash joyidan 1967 yilda tug‘ilgan A.A ismli O‘zbekiston fuqarosining jasadi topilgan.
Olingan ma’lumotga ko‘ra, fuqaro A.A. bundan bir yil oldin Gebze viloyati Duraklik qishlog‘iga kelgan va yashash joyi bo‘lmaganligi sababli bu yerda yashovchi Turkiya fuqarosi M.J bilan tanishib, unga tegishli fermadagi kichik uyda yashashga ruxsat olgan.
Joriy yilning 22 yanvar kuni fuqaro o‘zini yomon his qilayotganini va koronavirusga chalinganidan shikoyat qilib, M.Jga telefon qilgan.
M.J. kerakli dorilarni olib kelganida A.A. fermaning yotoq joyida jonsiz holda ekanligini aniqlaydi va zudlik bilan politsiyaga xabar beradi.
Ayni vaqtda mazkur hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Natijalarga ko‘ra qo‘shimcha xabar beriladi.