Ziyovuddin tarixi. Biz bu haqda nimalarni bilamiz?

Ziyovuddin shaharchasi 1973 yildan Paxtachi tumani markazi etib belgilangan. Tuman atrofi Zirabuloq-Ziyovuddin tog‘lari, Qarnab cho‘llari bilan tutashgan, Ziyovuddin shaharchasi esa shu tog‘ tizmalari “Toshkent tog‘ cho‘qqisining shimoliy sharqiy etagida, dengiz sathidan qariyb 400 metr balandlikda joylashgan.

Bu yerda poyezd yo‘li stansiyasi mavjud. Birinchi poyezd Chorjuy tomondan Ziyovuddinga 1888 yilning 1 aprelida, o‘sha yilning 17 aprelida Kattaqo‘rg‘onga, 15 mayida Samarqandga kelgan. “Ziyovuddin" temiryo‘l bekati atroflari Yevropa uslubida obodonlashtirilgan, yangi binolar qurilgan. XIX asrning so‘nggi yillarida "Ziyovuddin" temiryo‘li bekatida qurilgan bino va suv minorasi hozir ham bor. O‘tmishdan hikoya qiluvchi bu yodgorlik XIX asr me’morchiligining qudratini namoyish etib turadi.

Buxoro amiri Abdulahadxonning farmoni bilan "Ziyovuddin" bekati yaqinida 1894 yilda istirohat bog‘i barpo etilgan va "Ziyovuddin" nomi bilan atalgan. 1916 yilda amirlikning Ziyovuddin viloyati Ziyovuddin, Xatirchi bekliklariga ajratilgan.

Buxoro amirligi o‘sha davrlarda Buxoro, Chorjuy, Qoboqli, Nurota, Karmana, Ziyovuddin, Xatirchi, Zirabuloq, Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Fyzor, Qarshi, Chiroqchi, Ko‘lob, Hisor va boshka shu kabi bekliklardan iborat edi. O‘sha davrda hozirgi 3iyovuddindan 15 kilometr sharqda Ziyovuddin qal’asi (Ziyovuddin bekligi qarorgohi), 5 kilometr shimoliy sharqda Buvi Ziyovuddiniy qishlog‘i bo‘lib, shaharchaning nomi ham shundan kelib chiqqan.

Buxoro amirligi XVI-XX asrlardagi o‘zbek davlatchiligi tizimidagi xonliklardan biri hisoblanib, 1533 yilgacha mamlakat markazi Samarqand bo‘lgan. Ubaydullaxon davrida (1533-1539 yillar) poytaxt Buxoroga ko‘chirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510 yili Marv yonida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qo‘shinlaridan yengilib, halok bo‘lgandan keyin Movarounnahr temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qo‘liga o‘tadi. Lekin ko‘p o‘tmay, shayboniylar yana Movarounnahrni egallagan. Shu vaqtdan boshlab Movarounnaxr butunlay shayboniylarga tobe bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda xonlikka hozirgi O‘zbekiston va Tojikistonning katta qismi (hozirgi Afg‘onistonning) hamda Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda bo‘laklarga bo‘linib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon, Samarqandda esa Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdulatifxon mustaqillik e’lon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmronlik qilgan.

Shu yillarda shayboniy sultonlari va mahalliy mulqdorlarning hokimiyat uchun kurash kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va boshqa kichik-kichik hukmdorlar mustaqil bo‘lib olgan. 1551-1556 yillarda shayboniylar o‘rtasidagi Movarounnahr uchun kurashda Iskandarxonning o‘g‘li Abdullaxon g‘olib chiqib, Buxoro xonligida o‘z hokimiyatini o‘rnatgan. 1557 yildan boshlab Buxoro uzil-kesil xonlik poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563-1583 yillar) va uning o‘g‘li Abdullaxon II davrida Buxoro xonligining siyosiy mavqei ortgan. Abdullaxon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Farg‘ona (1583), Badaxshon (1584), Ko‘lob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595-1596) ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan, markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shunday qilib XVI asr oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan.

Buxoro amirligining Karmanadan tortib Oqdaryogacha bo‘lgan yerlari  Miyonqol viloyati deb yuritilgan.

Iskandarxon (Shayboniylardan) Karmana-Miyonqol (Ziyovuddin, Mirbozor, Kattaqo‘rg‘on, Nurota, Ishtixon, Oqdaryo) viloyati hokimi, keyinchalik Buxoro xoni etib tayinlangan. Iskandarxonning o‘g‘li Abdullaxon (Jonibek sultonning nevarasi) otasi o‘limidan so‘ng 1556 yilda amir etib tayinlanadi. Amir Temurdan so‘ng butun O‘zbek elini (Kavkaz, Eron, Afg‘oniston, Tojikiston, Turmaniston) birlashtirgan podshoh hisoblanadi.

Bugungi kunda Paxtachi tumani sharqdan Narpay, shimoli-sharqdan Xatirchi, Navoiy va Navbahor, janubdan Nurobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni - 1,37 ming km². Aholisi - 114,6 ming kishi. Tuman markazi - Ziyovuddin shaharchasi. Tuman hududi bir tomonidan keng yastanib yotgan Qarnab cho‘llari, ikkinchi tomondan Zarafshon daryosi bo‘ylaridagi sug‘oriladigan yerlardan iborat.

Hazrat Alisher Navoiy o‘zining devonida “Ziyovuddin”  so‘zini sharaflab, benazir bayt bitgan:

Ziyo ul Haq va d-dunyou va d-din,

Berib ikkinchi devonimg‘a taz’yim,

Savod uzra savod qildi mastur,

Vale manidadur nur ila nur.

Buyuk arab tarixchisi va geografi Abulfaraj Qudama va Ibn Xurdodbehning ma’lumotiga ko‘ra, Dobusqal’a shahri (Ziyovuddin shaharchasidan 5 kilometr uzoqlikda) eramizdan oldingi 329-323 yillarda qaytadan bunyod etilgan.

XVIII asrning oxirlari va XIX asr­ning boshlarida ham qal’a qo‘rg‘on ko‘rinishida saqlangan. Buxoro hukm­dori Amir Haydar 1817 yilda Dobusqal’a viloyatida bo‘lib, amirning tashabbusi va rahnamoligida bu yerda yagona yodgorlik – Imom Bahra ota obidasi ta’mirlangan. Shuningdek, keng cho‘l bag‘ridagi Qarnab ota qishlog‘ida ulkan alloma, tabarruk zot, cho‘l buzurgi Ibrohim shayx – Qarnab ota dafn etilgan joyda dahma tiklanib, marmartosh o‘rnatiladi.

XIX asrning birinchi choragi oxirlarida voha Ziyovuddin nomi bilan atala boshlagan. Dastlab goh Qal’ai Dabus, goh Qal’ai Ziyovuddin shaklida, keyin birgalikda Ziyovuddin-Dabus holatida qo‘llangan. O‘tgan XIX asrning 30-yillari oxirlaridan esa rasmiy hujjatlarda voha Ziyovuddin nomi bilan yuritilgan. Dobusqal’aning vayronalari yonida Ziyovuddin begining qarorgohi bo‘lgan. Bek arkda turib ish yuritgan, fuqarolarni qabul qilgan. Chunki Ziyovuddin Buxoro amirligiga qarashli eng katta viloyatlardan biri hisoblangan.

Bundan tashqari, Dobusiya haqida qisqacha ma’lumotlarni arab tarixchi va sayyohlari ibn Xordadbeh (IX asr), Qudamiy (X asr), Yoqubiy (X asr) va Ibn al-Faqihlarning asarlarida ham ko‘ramiz. Bu mualliflar Sug‘diyona shaharlari va ular o‘rtasidagi masofalar haqida to‘xtalganlarida, Dobusiyani ham tilga olgan.

Arab sayyohi Abul Qosim ibn Xauqal o‘z asarida “Buxorodan kelishda, Karmanadan o‘tgandan so‘ng Dobusiya shahriga kelinadi”, deb yozgan. Dobusiya haqidagi IX-IX asrlarga oid tarixiy ma’lumotlardan kelib chiqadigan xulosalarga ko‘ra, bu shahar o‘ta kuchli mudofaa tizimlariga ega va uch qismdan: ark, shahriston va rabotdan iborat shahar bo‘lgan. Shuningdek, VIII-XI asrlarga oid tarixiy manbalarda bu yerda savdo-sotiq va hunarmandchilik yuksak darajada taraqqiy etganligi qayd etilgan.

Dobusiya shahri o‘rta asrlarga oid tarixiy va jug‘rofiy asarlarda ko‘plab marta tilga olingan bo‘lsa-da, ularning barchasidagi ma’lumotlar juda qisqa. Arab jug‘rof olimi al-Yaqubiyning (vafoti  905 yil) aytishicha, So‘g‘d “Samarqand, Dobusiya, Kushoniya, Kesh va Nasafdan tashkil topgan”.

Arablar istilosiga qadar “Dobusqal’a Fay (Pay) saltanatining poytaxti bo‘lgan” degan taxminlar ham bor. Tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Dobusiya VI asrda O‘rta Osiyodagi mustaqil hukumatlardan biri bo‘lgan. Miyonqoldagi bu feodal hukumatining poytaxti Dobusiya qal’asi bo‘lgan va uning hukmdorini “Dobusshoh” deb atagan.

XI asr o‘rtalarida Dobusiya tilga olingan yana bir ma’lumot mavjud va unda shahar mustahkam qal’a sifatida qayd etilgan. Mahmud G‘aznaviyning o‘g‘li Sulton Mas’ud o‘sha paytda o‘zining qo‘li ostida bo‘lgan Xorazmning hukmdori Oltintoshga  Buxoro va Samarqandga (qoraxoniy hukmdor  Ali ibn Hasan (yozma manbalarda Ali Tegin nomi bilan tilga olinadi) qo‘li ostida bo‘lgan) hujum uyushtirishga buyruq beradi. Qoraxoniylar qo‘shinlari xorazmliklarga qarshi chiqib yengiladi va Dobusiya qal’asiga bekinadi, Oltintosh qal’ani qo‘lga kiritishiga bir bahya qolganda Ali Tegin unga xat yozib, sulhni Dobusiyada tuzishga erishadi. Mana shu voqealar davrida Dobusiya mudofalangan qarorgoh sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shu paytda, ya’ni hijriy  423-428 yillarda  bu shaharda zarb etilgan dirhamda u  Qutlug‘ O‘rda ad–Dobusiya, ya’ni “Baxtli Dobusiya” nomi bilan tilga olinadi.

XIX asr o‘rtalarida Buxoro amirligi Jizzax, Samarqand, Panjikent, Chelak, Nurota, Payshanba, Karmana, Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi, Ziyovuddin, Buxoro, Qorako‘l, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Shaar (Shahrisabz), Chiroqchi, Sherobod, G‘uzor, Matcho, Fon, Falg‘ar, Yaxnaob (Yag‘nob), Qo‘shtut, Boysun, Dehnov, Yurchi, Hisor, Baljuvon, Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa, Qabodiyon kabi jami 44 ta beklikdan iborat bo‘lgan.

Bundan keyingi davrda qabul qilingan hujjatlar va asarlarda esa Dabus va Ziyovuddin atamalari birgalikda qo‘llangan. Ziyovuddin arabcha so‘z bo‘lib, “ziyo ad-din” – “dinning nuri” degan ma’noni anglatadi. Beklikda yaxshi otlar ko‘p bo‘lib, amirlik ehtiyoji uchun zotli otlarni yetishtirilganligi sababli amirlikning to‘pchi qo‘shinlarini to‘ldirib turuvchi asosiy makon (shtab) bo‘lib xizmat qilgan. Buxoro amirligi otliq askarlari o‘z otlari bilan qo‘shin tarkibiga berkitilgan, artilleriya bilan ta’minlanib, Ziyovuddin bekligi hududida joylashtirilgan, bu yerda otlarga qarash va qurol-aslahalarni ta’mirlash hamda oziq-ovqat bilan ta’minlash amalga oshirilgan. O‘sha davrda Karmana va Ziyovuddin hududida amirlikning 3 ming askari bo‘lgan.

Komil ISMOILOV,

tarix fanlari nomzodi.

(Davomi bor).