Iqtisodiy tahlil: Paxtachi qanday o‘zgardi?

150 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Paxtachi tumani viloyat markazidan 140 kilometr masofada joylashgan.
Tuman markazi Ziyovuddin shaharchasi keyingi yillarda butunlay yangi qiyofaga kirdi, yangi binolar, ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari, istirohat bog‘i, madaniy maskanlar qurildi. Aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish, ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qator choralar amalga oshirilmoqda. Bu aholining turmush madaniyatining oshishi, mehnatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishida ham seziladi.
Besh yilda sarmoyalar hajmi 13 barobar o‘sdi
Tumanda o‘tgan yil sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 27 million dollarlik 54 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 1617 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
-Keyingi besh yilda tumanimizga jalb qilingan sarmoya hajmi 13 baravarga o‘sdi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Mansur Abdunabiyev. - Xorijiy investitsiyalar 2024 yil yakuni bilan 23,5 million dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar 12 ta bo‘ldi, 5 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari sohasida bir qator yangi korxonalar tashkil etildi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida “Qizbuvi” tog‘ yonbag‘rida 10 ga yaqin yangi korxona ish boshladi. 20 ga yaqin kon o‘zlashtirilib, kaolin, kvars, granit tosh qazib olinib, qayta ishlanmoqda.
2024 yil yakuni bilan tumandan 13,4 million dollarlik mahsulotlar esport qilindi. Solishtiradigan bo‘lsak, bu 2023 yilga nisbatan 38 foiz ko‘p eksport amalga oshirilganini ko‘rsatmoqda. Asosan to‘qimachilik va qurilish materiallari mahsulotlari eksport qilinmoqda va 2024 yilda “Paxtachi rodnik yog‘” MChJ tomonidan margarin ham eksportga yo‘naltirildi.
Tumanimizda xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘tgan yili 4,2 million dollarlik loyiha doirasida gips kukuni tayyorlash hamda qiymati 1 million dollarlik chiqindi plastiklardan qop ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Xitoy fuqarosi boshchiligida “DACHUAN FESHERY” MChJ xorijiy korxonasi tashkil etilib, qiymati 2 million dollarlik baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilmoqda.
Joriy yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qiymati 37,9 million dollarlik 39 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan va bu orqali 1700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb qilish maqsadida tumanda qiymati 135,3 million dollarlik 6 ta xorijiy investitsiya loyihasi shakllantirildi. 64,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda kreditlar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan va joriy yilning dastlabki oylarida 8,2 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.
Iqtisodiy rivojlanishda eng muhim yo‘nalishlardan biri eksportni tashkil etish hisoblanadi. Hozirda tumanda 11 ta esportyor korxona faoliyat yuritmoqda va ular sanoat mahsulotlari va meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanadi. Ushbu korxonalar tomonidan joriy yil yakuniga qadar jami 18,7 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan. Yilning dastlabki choragida 6 million 254 ming dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, tumanda drayver loyihalarni amalga oshirish va tadbirkorlarga ko‘maklashish maqsadida alohida reja ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, tumanning Fay mahallasida 300 gektar maydonda yangi bog‘-tokzorlar barpo qilish hisobiga 30 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilish, Ukrash mahallasidagi bo‘sh turgan yer maydonlarida 6 ta ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, Yangiobod mahallasida sanoat markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Suluvqo‘rg‘on mahallasida bo‘sh turgan 0,5 gektar yer maydonida zarur infratuzilmani ta’minlash orqali Zarafshon daryosi bo‘yida 9 ta savdo va xizmat ko‘rsatish loyihasi amalga oshiriladi.
Fermerlikdan klaster
Dunyo tajribasidan ko‘rinadiki, xomashyo yetishtirish juda katta daromad keltirmaydi. Qachonki, xomashyoni qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilish yo‘lga qo‘yilsagina foyda bir necha barobarga ortadi. Bu yangi ish o‘rinlari ochish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, soliq tushumlarini ko‘paytirish, ishsizlikni kamaytirish va taraqqiyotga erishishda muhim bosqich hisoblanadi. Ayni shu jihatlar inobatga olinib, davlatimiz rahbari fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish, sohaga klaster tizimini joriy etishni taklif qilgandi. Tumanda bu tashabbusni to‘g‘ri amalga oshirgan fermer bugun yirik korxona egasi bo‘ldi.
-2003 yilda kichik maydonda paxta va g‘allachilik yo‘nalishida tashkil etilgan fermer xo‘jaligimiz 2008 yilda 100 gektarga yetdi, - deydi tumandagi “Mirzayev Shuhrat Kenjayevich” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Shavkat Mirzayev. – 2020 yilda g‘allachilik klasteriga aylantirdik va g‘o‘za, g‘allaning elita navlari urug‘larini yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Shu yilning o‘zida g‘allani un holida sotish loyihasini amalga oshirdik. Buning uchun Germaniya, Italiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar olib kelindi va 60 sotix maydonda yangi zavod qurdik. Ushbu zavod kuniga 120 tonna g‘allani qayta ishlaydi va mahsulotni ichki bozordan tashqari Tojikiston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilamiz. O‘tgan yili qo‘shni davlatlarga 1,5 million dollarlik 6 ming tonna un eksport qildik. Tumandagi 215 ta fermer xo‘jaligi bilan 16 ming tonna g‘allani xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzganmiz.
Endi tumanda qishloq xo‘jalik mahsulotlari urug‘larini tayyorlash, saralash va qadoqlashga mo‘ljallangan 1,2 million dollarlik loyiha ustida ishlayapmiz. Buning uchun joy, bino bor, 200 kVtlik quyosh panellari ham o‘rnatyapmiz. Ayrimlar bu loyiha nima uchun kerakligiga tushunmayapti. Hozirda respublikamizga Turkiya yoki boshqa davlatlardan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining urug‘i valyuta hisobiga keltiriladi, lekin sifat va navi siz kutgandek chiqishi dargumon. Bizning loyihamizda buning uchun maxsus laboratoriya bo‘ladi va urug‘lar davlat standarti bo‘yicha tekshirilib, muvofiqlik sertifikati olinadi, ochiq maydon yoki issiqxona uchun mos navlar aniqlanadi.
Masalan, tumanimizda takroriy ekin mavsumida 5 ming tonnadan ortiq mosh yetishtiriladi, lekin hech kim urug‘ tayyorlamaydi. Hamma boshqa hududda saralab, chiroyli qadoqlangan va uch barobar qimmat moshni yaxshi urug‘lik, deb sotib olaveradi. Hozir viloyatdagi klaster korxonalarida shunga o‘xshash, lekin kichik loyihalar bor, ular faqat o‘zlariga kerakli urug‘lik tayyorlashadi. Bizdagi g‘o‘za va g‘alla urug‘iga Tojikistonda talab yuqori, lekin buning eksporti yo‘lga qo‘yilmagan. Shuning uchun biz sifat kafolati 95 foizgacha bo‘lgan urug‘larni taklif etamiz. Germaniyadan kerakli uskunalarni keltirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Hozir un zavodida 72 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa, ushbu loyiha ishga tushgandan keyin ishchilar soni 100 nafardan ortadi.
Yana bir yangi loyihamizda 50 nafar xotin-qiz uchun tikuvchilik korxonasi tashkil etmoqchimiz. Bu loyihani o‘zgacha tomoni 5 nafar usta tikuvchini tanlab olib, ularni Turkiya va Italiyada dizayn sohalarida o‘qitishni maqsad qilganmiz. Xitoydan mato olib kelib, tayyor kiyimlar tikish va shourumlarni ham shu yerda o‘tkazish bo‘yicha ish olib boryapmiz.
Aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda aholiga yerlarni ijaraga berish tizimi ancha samarali bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklariga ko‘maklashish vazifasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va hududiy bo‘limlariga yuklatildi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, tumanda 32,2 mingdan ortiq tomorqachi, 1,9 ming gektardan ortiq ekin maydoni, shundan 193 gektarda issiqxonalar bor.
Bundan tashqari, tumanda 3929 nafar yoshlar va kambag‘al oilalarga ijara asosida tarqatilgan 1079 gektar yer maydonlarida poliz-sabzavot, kartoshka, dukkakli va boshqa ekinlar ekishga ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.