Paxtachi: Drayver yo‘nalishlarda yangi loyihalar ishga tushiriladi

- Tumanimizda “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 6 ta drayver loyiha aniqlangan, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari G‘olibjon Absanov.
– Yil yakunigacha ushbu loyihalar hisobidan 110 ga yaqin yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilish hisobiga qo‘shimcha 450 ta ish o‘rni yaratiladi va byudjetga qo‘shimcha 9,6 milliard so‘m tushum tushiriladi. Loyihalarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 7,5 milliard so‘m mablag‘ talab etilishi hisob-kitob qilingan.
Prezidentimizning 2024 yil 20 dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mazkur loyihalarning manzilli ro‘yxati xalq deputatlari shahar, tuman va viloyat Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilib, kengashlar qarori bilan tasdiqlandi. Loyihalarni amalga oshirishning birinchi bosqichida qiymati 88 milliard so‘mlik 4 ta drayver loyiha uchun infratuzilma ob’yektlarini qurishga respublika byudjetidan 7,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Tumandagi asosiy yo‘nalishlardan yana biri chorvachilik tarmog‘i hisoblanadi. Hozir tumanda chorvachilik yo‘nalishidagi 182 ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Shundan qoramolchilik 34 ta, qo‘ychilik 74 ta, parrandachilik 39 ta, baliqchilik 26 ta, asalarichilik yo‘nalishida 9 ta xo‘jalik mavjud.
2025 yil dasturiga asosan xitoylik investorlar tomonidan 14 milliard so‘mlik baliqchilik loyihasi amalga oshirilmoqda va bu loyihada 25 ta ish o‘rni yaratilib, yiliga 80-100 tonnagacha baliq mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Har qanday taraqqiyotning doyasi - kitob
- Ishlashga o‘rgangan odammiz-da, 2017 yilda pensiyaga chiqqanimdan keyin bekor o‘tirolmadim, - deydi Marziya Yorqulova. – Oqtepa qishlog‘imizda hech qanday ishlab chikarish yo‘q, odamlar faqat dehqonchilik va chorvachilik bilan band, yerlar xususiylashtirish, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davri edi. Ko‘pgina aholi ishsiz qolib, davlatimiz zavod, fabrika qurib bersa ishlaymiz degan o‘yda, tadbirkorlik va biznes tushunchasi, tasavvuri ham kam. Kutubxonalar qisqartirilib, kollejlarda ARM shaklda tashkil etilib, kollej o‘quvchilaridan boshqa aholi deyarli o‘qishga kelmas edi. Kollej o‘quvchilariga ham maxsus fanlar yetishmasdi. Shu bois bir paytlar har bir guruhga tadbirkorlik va biznes asoslari darsligini elektron variantdan qog‘ozga chiqarib kitoblar taxlaganmiz.
Davlatimiz siyosati yoshlarni qo‘llab-quvvatladi, iqtidorli, chiroyli biznes g‘oyalarni har xil tanlov va loyihalar asosida ularga imtiyozli kreditlar orqali ish boshlashlariga ko‘maklashdi. Natijada o‘quvchilarim “Mening biznes g‘oyam” respublika tanlovida, 4 nafar o‘quvchim viloyatda “Diplomi bilan biznesga”, 50 nafari “Ishbilarmon o‘quvchi” loyihalarida qatnashdi. “Ishbilarmon o‘quvchining eng yaxshi loyihasi” respublika tanlov g‘olibi bo‘lib, o‘z ishlarini boshlashdi. Lekin aholi o‘rtasida hamon tadbirkorlik borasida tushunchalar kam edi. Qishlog‘imiz Zarafshon daryosining bo‘yiga tutash bo‘lib, bolaligimizdan bu yerda mol boqib katta bo‘lganmiz. To‘qayzorlar, suv havzalari, qumloqlar yastanib yotardi. Asta-sekin mazkur joylar ishbilarmonlar tomonidan baliqxonalarga aylantirildi, daryo bo‘ylariga cheklovlar bo‘lib, qishlog‘imiz ishsiz aholisi yollanma ishchi bo‘lib, kun o‘targa ishlar edi. Daryo bo‘yidagi ko‘p yer bo‘sh yotsa-da, aholidan biznes g‘oya chiqmadi. Shunda aholi uchun kutubxona tashkil qilishni o‘yladim. 2019 yilda mahalla faollari fikrimni quvvatlab, kutubxona uchun sobiq Oqtepa jamoa xo‘jaligining eski faollar zalini berishdi. Kutubxona tashkil etdik va aholidan kitoblar yig‘ildi, kitobi yo‘qlar 50 mingdan 300 ming so‘mgacha pul mablag‘lari hadya qilishdi. Tuman hokimligi tomonidan kerakli jihozlar berildi. Usta yigitlarimiz hashar yo‘li bilan eski binoni ta’mirladi, tumanimizda ulg‘aygan ziyolilar ko‘plab noyob kitoblar sovg‘a qilishdi. Kitobsevarlarning ko‘magida kutubxonamizga 4 mingdan ortiq badiiy adabiyot, sohalarga oid qo‘llanmalar jamlandi. Hozir kutubxona doimo kitobxonlar bilan gavjum.
2024 yildan faol kitobxon nuroniy otaxon va onaxonlar nabiralari bilan Samarqandga rag‘bat sifatida bepul sayohatlar uyushtirilib, viloyatdagi kutubxonalar bilan yaqindan tanishtirilib, “Kitobxon ona, kitobxon bola”, yangi adabiyotlar taqdimotlari, qishloqdosh ilmiy xodimlarimiz bilan muloqot va badiiy kechalar o‘tkazilmoqda. Endi “Kitobxonlik haftaligi”da viloyat kutubxonalariga va Samarqand shahri bo‘ylab tarixiy yodgorliklarga sayohat uyushtirish rejalashtirilmoqda.
Qishloqqa kutubxona nima uchun kerak, deguvchilar ham topiladi. Har qanday g‘oya, ilm, yutuqning asosi kitobda mujassam bo‘ladi. Kitob pul bermasligi mumkin, lekin insonning aqliy faoliyatini rivojlantiradi, hayotga qarashlarini o‘zgartiradi, xalqni ilmli qiladi. Har qanday loyihani amalga oshirishda ham o‘zgacha yondashuv, g‘oyaviy yechimlar kitobda mujassam bo‘ladi. Avval boshida kutubxonaga keluvchilar sanoqli bo‘lgan bo‘lsa, kitob qanchalik ma’naviy ozuqa berishini anglagan Oqtepa va Urganji qishloqlaridan kutubxonaga keluvchilar soni tobora ortib bormoqda.
Joriy yilda esa kamtaroni mehnatlarimiz e’tirof etilib, 8 mart bayrami arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bunday e’tirof uchun kutubxonani tashkil etishda ko‘maklashgan barchadan minnatdorman.
O‘ktam Xudoyberdiyev.